Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida Prezident qarori e`lon qilindi. Unga ko`ra, 2022 yil 1 iyuldan boshlab:
- davlat muzeylariga har kuni soat 22:00 gacha tashrif buyuruvchilarga xizmat ko`rsatish huquqi beriladi, shuningdek, zaruratga ko`ra, davlat muzeylari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tungi ish vaqti muddatlarini belgilashi mumkin;
- pulli xizmatlar ko`rsatishda ishtirok etgan muzey xodimlariga qo`shimcha to`lovlar to`lanadi va ular moddiy rag`batlantiriladi, qo`shimcha to`lovlar to`lash va moddiy rag`batlantirish tartibi muzeylar tomonidan ularning yuqori turuvchi organi bilan kelishgan holda belgilanadi;
- davlat muzeylariga ularda tashkil etiladigan xizmatlar uchun Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi bilan kelishgan hamda bozor kon`yunkturasini hisobga olgan holda, byudjetdan tashqari mablag`lar hisobidan fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida qo`shimcha xodimlarni jalb etishga ruxsat beriladi.
- Davlat muzeylari tomonidan xizmatlarni tashkil etish bilan bog`liq xarajatlar mahalliy byudjetning qo`shimcha manbalari, muzeylarning byudjetdan tashqari mablag`lari, Madaniy meros jamg`armasi mablag`lari, tijorat banklarining kreditlari, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.






