“Xalq ta`limi tizimida davlat xizmatlarini ko`rsatishni yanada takomillashtirish to`g`risida”gi Hukumat qarori (295-son, 01.06.2022 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qaror bilan quyidagilar bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamentlari tasdiqlandi:
- bolalarni davlat maktablariga qabul qilish hamda o`quvchilarni bir maktabdan boshqasiga o`tkazish;
- chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar farzandlarini maktabga qabul qilish uchun arizalar olish;
- eksteriat tartibida imtihonlar olish uchun arizalar qabul qilish;
- umumiy o`rta ta`lim to`g`risidagi rasmiy davlat hujjatlari dublikatini berish.
Shunga ko`ra, har yili 1 maygacha o`quvchilarni 1-sinfga qabul qilish va bir maktab (sinf)dan boshqasiga o`tkazish bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatiladigan hududlar ro`yxati tasdiqlanadi va Xalq ta`limi vazirligi rasmiy veb-saytida e`lon qilinadi.
️1-sinfga bolalar ular 7 yoshga to`ladigan yilda qabul qilinadi.
Davlat xizmati ko`rsatilgani uchun ariza beruvchidan yig`im undirilmaydi.
Ariza beruvchi mikrohudud bo`yicha maktabga qabul qilish uchun har yili 20 iyundan 31 iyulgacha YaIDXP yoki Xalq ta`limi vazirligining elektron xizmatlar portalida ro`yxatdan o`tadi.
Ariza beruvchining yashash manzili bo`yicha maktabda tanlagan ta`lim olish tilidagi sinf bo`lmagan taqdirda, yaqin hududda joylashgan boshqa maktab mikrohudud sifatida biriktiriladi.
So`rovnoma to`ldiriladi hamda hududiy xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan 3 ish kunida ko`rib chiqilib, mikrohudud bo`yicha maktabga yuboriladi yoki sababi ko`rsatilgan holda qaytariladi. Bu haqda ariza beruvchilarga xabar yuboriladi.
Ariza beruvchi farzandi bilan birgalikda mikrohudud bo`yicha yuborilgan maktabga onlayn navbat asosida boradi va bolaning sog`lig`i to`g`risidagi tibbiy ma`lumotnomani maktabga taqdim etadi.
Maktab qabul komissiyasi tomonidan 1 ish kunida bolani maktabga olish yoki rad etish to`g`risida qaror qabul qilinadi.
Quyidagi hollarda qabul komissiyasi bolani maktabga qabul qilishni rad etishi mumkin:
- ️tibbiy ma`lumotnomada maktabda ta`lim olish tavsiya etilmagan bo`lsa;
- ️tanlangan tilda bola boshlang`ich so`zlashuv ko`nikmasiga ega bo`lmasa;
- ️so`rovnomadagi ma`lumotlar noto`g`riligi aniqlansa.
Mikrohududdan tashqaridan bolalar maktabga har yili 1–15 avgust kunlari qabul qilinadi.
Mazkur tartib Xalq ta`limi vazirligi tizimidagi maktablarga nisbatan qo`llaniladi.