Toshkentdagi muhtasham “Turkiston” san`at saroyida O`zbekiston, Turkmaniston hamda Qoraqalpog`iston xalq artisti, sehrli ovozi orqali ko`plab mamlakatlarda muxlislar olqishiga sazovor bo`lgan Bobomurod Hamdamovning 82 yoshli yubiley-konserti bo`lib o`tdi. Unda ustoz san`atkorning yaqinlari, shogirdlari va xalqimiz sevgan san`atkorlar ishtirok etishdi.
“Darakchi” ijodkorlari tadbirda ishtirok etib, ustoz san`atkor va uning yaqinlari bilan suhbatlashdi.
“Bolalikda dadamni uyda ba`zan uch oyda bir marta ko`rardik”
Shamsiddin Hamdamov, o`g`li:
— Buyuk san`atkorning o`g`li bo`lish va aynan ularning kasbini tanlash bu juda qiyin. Chunki dadam kabi buyuk qo`shiqchiga farzand bo`lish va ularga ma`qul tushadigan asarlar yaratish ma`suliyati bor. Dadam juda talabchan inson. Qo`shiqchilik san`atini tushungan inson sifatida, eshituvchi muxlis sifatida ham shuni ayta olamanki, dadam kabi san`atkorlar yuz yilda, ming yilda bir marta dunyoga keladi. Hatto dunyoga taniqli hind aktyori Raj Kapur ham dadamning beqiyos san`atlarini yuksak e`tirof etgan. Ko`p qo`shiqlarimni dadam bilan birgalikda yaratganman. Bir qo`shiq yaralishida, qisqa 4 minutli bo`lsa-da, uning har bir sekundiga, undagi nola, qochirimlarga alohida e`tibor berishimni ta`kidlardi. Xalq xizmatida bo`lganimizda muxlislar mening ovozimni, tashqi ko`rinishimni dadamga juda o`xshatishadi. Shunday bo`lsa-da, men doim takrorlayman Bobomurod Hamdamov yagona. Men 99 foiz o`xshashim mumkin, ammo 1 foiz fazilat deymizmi yoki san`atining o`ziga xosligi faqatgina dadamda mujassam. Bilasizmi (kulib gapiradi), inson doimo mehrga tashna bo`larkan. Dadamdan ko`p narsalarni o`rganib, birgalikda xalq xizmatlarida bo`lsak-da, san`atkor bor mehrini qo`shiqlariga, muxlislariga berarkan. Bolalagimizda uyda dadamni gohida 1 oyda, ba`zan 3 oyda bir marotaba ko`radigan holatlar bo`lardi. Shunday bo`lsada, betakror ovoz sohibi, umrboqiy qo`shiqlar yaratuvchisining farzandi bo`lganimdan faxrlanaman. Kelajakda dadam asos solgan maktabni davom ettirib, yanada rivojlantiraman.
“Bobomurod Hamdamovning kelini bo`lish ham faxrli ham mas`uliyatli”
Nargiza Hamdamova, kelini:
— Avvalo, san`atkorning kelini bo`lish ham faxrli, ham mas`uliyatli. Yaqinlarim, do`stlarim afsonaviy san`atkorning kelini ekanligimni, menga havas ko`zi bilan boqishlarini ko`rib ich-ichimdan faxrlanaman. Ko`p insonlar dadam bilan bir bora ko`rishishni, qo`l berib so`rashishni orzu qilishadi. Bizda esa bu imkon har kuni bor. Bundan tashqari, dunyo tan olgan san`atkorga munosib kelin bo`lish bu katta mas`uliyat. Dadamning ko`p fazilatlarini hurmat qilaman. Aavalo, ular juda samimiy va kamtar inson. Barchaga birdek mehribon va ko`ngilchan. Ayniqsa, bir so`zli, lafzli inson. Bugungi yubiley- kechani tashkillashtirish bir muncha qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. Shunday bo`lsa-da, muxlislarning juda ko`p kelgani, turli viloyatlardan bir nechta avtobuslarda, qo`shni davlatlardan kelgan muxlislarni ko`rib, bu qiyinchiliklar unut bo`ldi. Dadam bilan viloyatlarda gastrol konsertlarini ko`p tashkillashtirganmiz. Shunda katta san`at saroyining sahnasida konsert dasturini berishni orzu qilardi. Bu orzusi armon bo`lib qolishidan qo`rqardi. Bugun shu armonlarini ushaltirdik. Bundan juda xursandmiz.
“Bobomning yo`lini tanlab, munosib davomchi bo`lamoqchiman”
Nozila Hamdamova, nabirasi:
— Bugungi kechaga bobomning eng sevimli qo`shiqlaridan birini kuylayman. Bu bobom uchun mening sovg`am. Bobomdan qo`shiqchilik san`atining sir-asrorlarini o`rganmoqdaman. Ularga qo`shiqlar kuylab beraman va tavsiyalar olaman. Bobom doim “Sen bizning san`atimizni davomchisi bo`lasan”, - deb ko`p bor takrorlaydi. Bugungi kunda musiqa maktabining opera yo`nalishida tahsil olmoqdaman. Bobomning qo`shiqlarini bu yo`nalishga moslashtirib kuylab ko`rmoqchiman. Kelajakda mashhur san`atkor bo`lib, bobomning, dadamning izidan ketmoqchiman va ularga munosib voris bo`laman.
“Eng omadli konsertining aziz mehmoni bo`lgan”
Avaz Oxun, so`z ustasi:
— Sohirovoz san`atkor, ustoz Bobomurod Hamdamovning qo`shiqlari kirib bormagan xonadon bo`lmasa kerak. Ularning qo`shiqlarini tinglab, dillar zavqlanadi, maza qilib raqsga tushadi va birgalikda hirgoyi qiladi. Ustoz bilan bog`liq shirin xotiralarim ko`p. san`at sohasida ilk omadli konsert dasturim 2014 yilda “Turkiston” san`at saroyida bo`lib o`tgan. Ushbu konsert dasturida ustoz ham mehmon bo`lgan. To`g`risi, ustozni konsertimga tashrif buyurganini bilmagan edim. Sahnada ko`rib, ustozning oldiga borib duosini olganman. Bugun ustoz 82 yoshida ham sahnada qo`shiq kuylayapti. Menimcha, bu barcha san`atkorlarning orzusi. Onam yoshligida Bobomurod Hamdamovning qo`shiqlarini tinglib ulg`ayganmiz deb ko`p bor takrorlardi. Mana oradan qancha yillar o`tgan bo`lsa-da, ustozning qo`shiqlari bugun ham o`z darajasini yo`qotmagan. Ijodkor uchun baxt shu bo`lsa kerak, aslida. Ustozga uzoq umr, ijodiy muvaffaqiyat va biz shogirdlarining baxtigi doimo sog` bo`lishini tilayman!
Fayzullo YaHYoEV tayyorladi