Andijon viloyati Izboskan tumanida suv ta`minoti idorasi xodimi qarzdor iste`molchilar tomonidan kaltaklandi. Bu haqda Zamon.uz' internet nashri xabar bermoqda.
Ma`lum bo`lishicha, MChJning Izboskan tumani filiali xodimi Abdulboqi Saidmurodov jamoadoshlari qatori shu yilning 23 may kuni iste`molchilar tomonidan yuzaga kelgan qarzdorlikni so`ndirish maqsadida manzillarda faoliyat olib borishga jalb etilgan. Jarayon davomida u filial huquqshunosi tomonidan chiqarilgan talabnomalarni qarzdor iste`molchilarga tarqatish bilan shug`ullangan.
Jumladan, “Yangi avlod” MFYning Oqshom ko`chasida istiqomat qiluvchi fuqaro Qodirjon Ablualimovga ham foydalanilgan toza ichimlik suvidan 625 ming so`m miqdorida qarzdor ekanligini ogohlantiruvchi talabnoma etkazib berilgan. Bunga javoban fuqaro jamiyatning vakolatli xodimini kaltaklab, unga tan jarohati etkazgan.
“Bizga mana shuncha qarzdorlikni sen chiqargansan, deb meni klyuch bilan solib o`tiribdida. Onasi supurgi bilan, o`g`li mashina klyuchi bilan urib, menga tan jarohati etkazdi. Buni orasida burnim sinib, 3-4 kun bolnisada yotib chiqdim”, — deydi xodim.
Ta`kidlanishicha, “Yangi avlod” MFYda 112575 nafar iste`molchi mavjud bo`lib, ulardan bir oyda undirilishi kerak bo`lgan to`lov miqdori 380 mln so`mdan iborat. Biroq bu ko`rsatkich amalda 135–140 mln so`mni tashkil etadi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Izboskan tumani huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






