AsosiyJamiyat

Turkiyadan deport bo`lgan o`zbekistonliklarning taqiqini bekor qildirishni va`da qilib, pul yig`ib yurgan turk fuqarosi qo`lga olindi

'Turkiyadan deport bo`lgan o`zbekistonliklarning taqiqini bekor qildirishni va`da qilib, pul yig`ib yurgan turk fuqarosi qo`lga olindi'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Toshkent viloyatida vaqtincha istiqomat qiluvchi Turkiya Respublikasi fuqarosi, 1965 y.t. «Yu.X.»ning noqonuniy faoliyatiga chek qo`yildi.

U Turkiyada bo`lish tartibini buzganligi bois, deport qilingan fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning mazkur davlatga kirishlari uchun qo`yilgan taqiqlarni bekor qildirib berishni va`da qilib, firibgarlik yo`li bilan pul mablag`larini o`zlashtirib kelgan. 

Jumladan, Sirdaryo viloyatida yashovchi, 1963 y.t. «U.G.»ga nisbatan Turkiya davlatiga kirishi uchun 5 yil muddatga qo`yilgan taqiqni bekor qildirib berish evaziga 2020 yilning dekabr oyida 1500 AQSh dollari talab qilib, oldindan 1000 AQSh dollari olgan.

Shuningdek, 2021 yilning fevral oyida Farg`ona viloyatida yashovchi, 1969 y.t. «A.R.» bilan uchrashib, u va turmush o`rtog`ining Turkiya davlatiga kirishlariga qo`yilgan 5 yillik taqiqni 45 kun ichida bekor qildirib berish evaziga 3000 AQSh dollari talab qilib, oldindan 2500 AQSh dollari olgan. 

2021 yilning mart oyida esa Farg`ona viloyatida yashovchi, 1981 y.t. «A.Z.»ning ham shunday muammosini 1500 AQSh dollari evaziga hal qilib berishini aytib, oldindan 1300 AQSh dollari olgan. Ammo, va`dasini bajarmay, pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan. 

Natijada, 2021 yilning noyabr oyida jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudi tomonidan «Yu.X.» Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik)bilan aybdor, deb topilib, jabrlanuvchilarga etkazilgan zarar to`liq qoplanganligi bois, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan. 

Ammo, sud tomonidan berilgan muddat mobaynida «Yu.X.» jarimani to`lashdan bo`yin tovlaganligi uchun unga nisbatan qo`llanilgan jazo jinoyat ishlari bo`yicha O`rtachirchiq tuman sudining 2022 yilning aprel oyidagi ajrimi bilan 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga almashtirildi.

    Boshqa yangiliklar