AsosiyJamiyat

Prezident tovar eksportida o`sish sur`ati juda past ekanini tanqid qildi

'Prezident tovar eksportida o`sish sur`ati juda past ekanini tanqid qildi'ning rasmi

Prezident huzurida standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohalariga bag`ishlangan yig`ilish boshlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qilmoqda.

“Taraqqiyot strategiyamizda eksport hajmini 30 milliard dollarga etkazish bo`yicha katta marrani belgilab olganmiz. Bunga hamma zaminni yaratib berdik.

O`tgan yili GSP+ tizimi doirasida 6 ming 200 turdagi mahsulotlarni Evropaga bojsiz eksport qilish imkoniyati yaratildi.

Lekin, o`tgan bir yil ichida Evropa mamlakatlariga eksport qilinadigan mahsulot turlari 79 taga (jami 643 ta), tadbirkorlar soni 102 taga (jami 579 ta) ko`paydi”, dedi davlat rahbari yig`ilish avvalida.

O`sish sur`ati juda past ekani qayd etilib, to`sqinlik qilayotgan asosiy omillar sanab o`tildi. Bular, jumladan:

- standart, sertifikasiya va laboratoriya masalalariga javob beradigan davlat idoralari eksportni ko`paytirishni o`zi uchun ustuvor vazifa, deb qaramayapti;

- standart, karantin, veterinariya idoralari hamda gigienik laboratoriyalar yagona siyosat yuritmasdan, tadbirkorga ko`makchi bo`lmayapti;

- hududlarda 150 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etishga ehtiyoj mavjud.

Yig`ilishda quritilgan mevani eksport qilish uchun 27 xil turdagi tahlil qilinadigan laboratoriya talab etilishi, lekin birorta ham bunday laboratoriya yo`qligi, to`qimachilik mahsulotlarini Evropa bozoriga olib kirish uchun zarur bo`lgan 61 ta laboratoriya tahlilining 16 tasi bizda yo`lga qo`yilmagani tanqid qilindi.

Eng muhimi, tadbirkor bu muammolardan mahsulotini Evropaga olib borgandan keyin xabar topayapti. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, O`simliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tadbirkorlar bilan ishlash, o`qitish, muloqotni yo`lga qo`ymagani ko`rsatib o`tildi.

Shu munosabat bilan ushbu idoralar rahbarlari oldiga 20 mingta ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar bilan ishlab, yil yakuniga qadar Evropaga eksport qiluvchi korxonalar sonini 2 mingtaga ko`paytirish vazifasi qo`yildi.

Ularga bir oy muddatda qaysi standartni joriy qilish, qaysi laboratoriyani yangilash bo`yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

    Boshqa yangiliklar