Prezident Shavkat Mirziyoev Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markaziga tashrif buyurganida, u erda davolanayotgan bolalarning davlat rahbariga yo`llagan maktublarini olgan edi.
"Hammasini o`qib, albatta javob beraman", degan edi Prezident.
Ayni paytda javob xatlari o`z manzillariga etib bordi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar bermoqda.
Jumladan, ulardan biri - xovoslik Odinaxonga yo`llangan Prezident maktubini Sirdaryo viloyati hokimi etkazdi va o`qib berdi.
"Qadrli Odinaxon qizim, xatingni o`qib, bugun mamlakatimiz bolalari naqadar orzu-umidlar bilan yashayotganini yana bir chin yurakdan his etdim. Rasm chizishni yaxshi ko`rishingni yozibsan, til o`rganishga ishtiyoqing balandligini ko`rib, yanada mamnun bo`ldim. Ishonchim komil, yuksak intilish va tirishqoqlik bilan sen barcha orzu-umidlaringga erishasan", deya Prezidentning javob xatini o`qib berdi Sirdaryo viloyati hokimi G`ofurjon Mirzaev.
Odinaxonga prezident sovg`asi kompyuter topshirildi.






