AsosiyJamiyat

"Ayirmachilik, ommaviy tartibsizlikka, hokimiyat organlariga zo`ravonlik yo`li bilan qarshilik ko`rsatishga da`vat etadigan har qanday harakatlarga keskin chora ko`riladi"

'"Ayirmachilik, ommaviy tartibsizlikka, hokimiyat organlariga zo`ravonlik yo`li bilan qarshilik ko`rsatishga da`vat etadigan har qanday harakatlarga keskin chora ko`riladi"'ning rasmi

Ayni paytda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashuv o`tkazayotgan Shavkat Mirziyoev qoralpoq xalqiga murojaat yo`lladi.

"Hurmatli deputatlar va Qoraqalpog`iston ahli! Ma`lumki, keyingi yillarda biz sizlar bilan birgalikda Qoraqalpog`istonni ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va innovasion jihatdan har tomonlama rivojlantirish bo`yicha keng ko`lamdagi bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdik. Ularning amaliy natijalarini ushbu diyorda yashayotgan har bir inson bugun o`z hayotida his etmoqda",-deydi davlat rahbari.

Qayd etilganidek, oxirgi besh yilda hududning mahalliy byudjetiga qariyb 11 trillion so`m mablag` yo`naltirilgan. Aholini ijtimoiy jihatdan himoyasi, xususan, kambag`allikni qisqartirish bo`yicha yurik ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “temir daftar”ga kiritilgan  

"65 mingga yaqin oilaga, 16 yoshgacha bolalikdan nogiron a`zosi bo`lgan hamda boquvchisini yo`qotgan 17 ming oilaga moddiy yordam ko`rsatildi. Birgina 2020 yil yakuni bo`yicha Qoraqalpog`istonda aholi jon boshiga to`g`ri keladigan yalpi daromad 3 barobarga oshdi.  

So`nggi besh yilda qurilish ishlari hajmi 3,5 marta o`sdi. O`nlab yangi ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy agroklasterlar, qo`shma korxonalar ishga tushirildi. Respublikada minglab yangi ob`ektlar barpo etildi, rekonstruksiya qilindi va ta`mirlandi. Jumladan, ko`plab bolalar bog`chalari, umumta`lim va ixtisoslashgan maktablar, oliygohlar, sog`liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sport maskanlari foydalanishga topshirildi. Bog`cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta`lim bilan qamrab olish darajasi 2017 yildagi 32 foizdan 75 foizga etdi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida Qoraqalpog`iston Respublikasida ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, aholini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan ta`minlash, irrigasiya va meliorasiya tarmoqlari holatini yaxshilash bo`yicha keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda",-deydi Mirziyoev.

U so`zida davom etarkan, Orolbo`yi mintaqasi haqida ham to`xtalib o`tdi.

"Orolbo`yi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, hududni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha ham faol ish olib borilmoqda. Xususan, bir paytlar nochor ahvolga tushib qolgan Mo`ynoq bugun butunlay yangicha qiyofa kasb etib, jadal rivojlanib borayotgan zamonaviy tumanlardan biriga aylandi.

Dengizning qurigan qismida 1 million 733 ming gektar maydonda yashil hududlar barpo etildi. Orolbo`yi hududining o`simlik va hayvonot dunyosini tiklash bo`yicha besh yillik milliy dastur ishlab chiqilmoqda. Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish masalasi birinchi marta davlat siyosatining ustuvor yo`nalishiga aylandi. Yuksak xalqaro minbarlardan doimo Orol muammosiga jahon jamoatchiligi e`tiborini qaratib kelmoqdamiz"-deydi prezident.

Davlat rahbarining ta`kidlashicha, Qoraqalpog`istonda amalga oshirilayotgan ijobiy o`zgarishlar bundan buyon ham albatta izchil sur`atlarda davom ettiriladi.  

"Chunki Qoraqalpog`istonning taqdiri – bu O`zbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun o`zbek xalqining baxti vafarovonligidir.  

Men hayot sinovlarida toblangan qoraqalpoq xalqining donishmandligiga ishonaman va ularni aql-idrok bilan ish tutishga, turli xil,  jumladan, chetdan bo`layotgan g`arazli chorlov va harakatlarga aldanmaslik, ularning qurboniga aylanmaslikka chaqiraman.  

Ayirmachilikka, ommaviy tartibsizliklarga, hokimiyat organlariga zo`ravonlik yo`li bilan qarshilik ko`rsatishga da`vat etadigan har qanday harakatlarga amaldagi qonunchilikka muvofiq keskin chora ko`riladi, aybdorlar esa muqarrar jazoga tortiladi.  

Aminmanki, Qoraqalpog`istonning mehnatkash, donishmand, olijanob va bag`rikeng eli mana shunday murakkab davrda o`zbek va qoraqalpoq xalqlari taqdirining birligi va yaxlitligiga, og`izbirchiligiga asoslangan muqaddas qadriyatlarini bundan buyon ham ko`z qorachig`idek asrab-avaylab yashaydi.  

Sodir bo`lgan voqealar bizni yanada hushyor va sezgir bo`lishga chaqiradi. Bugun jonajon O`zbekistonimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash uchun, farzandlarimiz va nabiralarimizning yorug` kelajagini ta`minlash uchun metin iroda, jipslik va yakdillik har qachongidan ham zarurdir",-deydi u.

Eslatib o`tamiz, sal avval Qozog`iston Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpog`istondagi vaziyat bo`yicha bayonot berib, O`zbekiston rahbariyatining Qoraqalpog`istondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo`yicha qarorlarini olqishlashini va qo`llab-quvvatlashini bildirgan edi.

Dilbar Abdunabieva.

    Boshqa yangiliklar