2022 yil 13 iyul kuni O`zbekiston Oliy Majlisi quyi palatasida Eron Islom Respublikasi Islomiy kengash majlisining raisi Muhammad Boqir Qolibof boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashuv o`tkazildi.
Uchrashuvda keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarning bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgani, mamlakatlarimiz o`rtasida siyosiy va iqtisodiy sohadagi muloqotlarning faollashgani ijobiy baholangan.
— Davlatlarimiz rahbarlari o`tgan yili sentyabr oyida Dushanbe shahrida bo`lib o`tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti va noyabr oyida Ashxobod shahrida bo`lib o`tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitlari doirasida bo`lib o`tgan Oliy darajadagi muloqotlarda ikki mamlakatlar o`rtasidagi amaliy hamkorlik masalalariga alohida e`tibor qaratdilar. Bu esa ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarimizning yanada rivojlanishida muhim omil bo`lmoqda, — dedi Spiker N. Ismoilov. – O`z o`rnida biz ikki mamlakat parlamentlari o`rtasidagi aloqalarni ham yangi darajaga olib chiqish masalalariga alohida e`tibor qaratishimiz kerak bo`ladi. Zero tarixi, dini, urf-odati va an`analari yaqin bo`lgan mintaqamizdagi davlatlar va xalqlar o`rtasidagi o`zaro do`stlik va hamkorlikni mustahkamlashda parlamentlararo hamkorlikning o`rni beqiyos.
Ta`kidlanishicha, mazkur uchrashuvlar asnosida ilgari surilgan takliflarning amaliy ijrosi kelajakda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, transport-logistika, energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik munosabatlarimizni yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
Uchrashuv chog`ida O`zbekiston-Eron o`rtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, uni yangi mazmun bilan boyitish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O`zbekiston va Eron o`rtasidagi amaliy hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashda parlamentlarning rolini kuchaytirishga kelishib oldi.
Eslatib o`tamiz, bugun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Eron delegasiyani qabul qildi.
Eron parlamenti delegasiyasining mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda.