Qashqadaryo viloyatida joriy yilning o`tgan davri mobaynida er uchastkalarini o`zboshimchalik bilan egallab olish va ushbu er uchastkalarida noqonuniy imorat qurilishiga oid 1038 ta holatda 1361,8 gektar er maydonida qonunbuzarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda Kadastr agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi boshlig`i Jasur Usmonov xabar berdi.
O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi huzuridagi Kadastr agentligining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tuman-shahar bo`limlari tomonidan er maydonlarini o`zboshimchalik bilan egallagan shaxslarga 1038 ta yozma ko`rsatmalar yuborilgan.
Viloyatda er qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo`yicha o`tkazilgan profilaktik tadbirlar natijasida er qonunbuzilish holatlarining 525 tasi 1197,0 gektari (50,6%) joyning o`zida bartaraf etildi.
Shuningdek, ko`chmas mulkka bo`lgan huquqlarni davlat ro`yxatidan o`tkazmaslik yuzasidan 1 116 ta holatda 10884,6 gektar er maydonida qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Yuqoridagi qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida 1 657 nafar shaxslarga nisbatan MJtKning tegishli moddalariga asosan jami 16 mlrd. 51 mln. 700 ming so`m ma`muriy jarimalar qo`llanilib, shundan 1 mlrd. 95 mln. 800 ming so`m undirilgan.
Fuqarolik ishlari bo`yicha sudlarga er uchastkalarini o`zboshimchalik bilan egallangan er maydonida noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish to`g`risida 409 ta (119,2 gektar) da`vo arizalari kiritilib, shundan 105 tasi qanoatlantirilgan. 280 ta da`vo arizalari hozirgi kunda ko`rib chiqish jarayonida.
Tumanlar kesimida tahlil qilinganda eng ko`p noqonuniy egallab olish holatlari Yakkabog` tumanida 139 ta holatda 16,2 gektar, Koson tumanida 101 ta holatda 1123,7 gektar, Qamashi tumanida 100 ta holatda 23,9 gektar va Qarshi tumanida 93 ta holatda 19,1 gektarni tashkil qiladi.