Samarqand viloyati IIB boshlig`ining o`rinbosari – IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi boshlig`i polkovnik Muzaffar Rahmatullaev tomonidan joriy yilning ikkinchi choragi davomida Pastdarg`om tumani IIBda amalga oshirilgan ishlar, yo`l qo`yilgan kamchiliklar muhokamasiga bag`ishlangan sarhisob yig`ilishi o`tkazildi.
Yig`ilish tanqidiy-tahliliy ruhda o`tdi. Boshqarma boshlig`ining o`rinbosari tumanda oldi olinishi mumkin bo`lgan jinoyatlar profilaktikasini lozim darajada olib bormagan qator rahbar va xodimlarning faoliyatini tanqidiy baholadi. Tumanda og`ir hamda o`ta og`ir turdagi jinoyatlar sodir etilishi kamaygan bo`lsa ham firibgarlik jinoyati ko`payganligi tahlillar va aniq misollar yordamida ko`rsatildi.
Shuningdek, o`z xizmat vazifalariga vijdonan yondashib, hududida jinoyatlar sodir etilishiga yo`l qo`ymagan profilaktika inspektorlariga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg`alari topshirildi.
Yig`ilish so`ngida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo`lgan ishlar belgilab olindi.
Yig`ilishdan so`ng qizil toifadagi hududlar qatorida bo`lgan tumanning «Chandirobod» MFY ga borilib, mahalla faollari ishtirokida jinoyatlar muhokama qilinib, hudud profilaktika inspektoriga yaqindan ko`mak berish bo`yicha choralar belgilandi.