Koronavirusning BA.2.75 deb atalgan yangi mutasiyasi, ya`ni “Kentavr” nomi bilan ham yuritilayotgan ushbu kichik shtamm ilk bor iyun oyi boshida Hindistonda aniqlangandi. O`shandan beri bu erda kasallanishlar soni keskin oshdi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, hind diyorida joriy yilning 1 iyun sanasida 3700 kishida COVID-19 qayd etilgan bo`lsa, ayni paytga kelib kuniga o`rtacha 17 ming bemorga koronavirus tashxisi qo`yilyapti.
Tashvishlanarli jihati, BA.2.75 jug`rofiyasi kun sayin kengayib bormoqda. Hozirga qadar u Hindistondan tashqari, Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Kanada, AQSh, Avstraliya va Yangi Zelandiyada ham ro`yxatga olindi.
Tadqiqotchilar ushbu virus turini “ikkinchi avlod”ga mansub subvariant sifatida baholashyapti. Chunki u “omikron”ning BA.2 versiyasi mutasiyaga uchrashi oqibatida hosil bo`lgan.
Ayni paytda Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti yangi variantni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Ammo uning jiddiyligini baholash uchun hali etarli namunalar yo`qligi aytilyapti.
Evropa olimlari esa BA.2.75 “omikron”ning avvalgi versiyalariga nisbatan yuqumliroq va yanada og`ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin, degan fikrda.
Chunki bu infeksiya turi BA.2 bilan solishtirilganda, sakkizta qo`shimcha oqsil mutasiyasiga ega. Shundan kelib chiqib, BA.2ga qarshi hosil bo`lgan immunitet BA.2.75 ga nisbatan samara bermasligi ehtimoli yuqori.
Sodda qilib aytganda, “omikron”ning BA.2 varianti bilan xastalanib, sog`aygan odam BA.2.75 tashuvchisi bilan aloqa qilsa, qayta kasallanish xavfi mavjud.
Shunga qaramay, bugungi kunda koronavirusga qarshi qo`llanilayotgan vaksinalar xastalikni engishda eng samarali chora sifatida e`tirof etilmoqda.






