Ijtimoiy tarmoqlarda Qo`shrabot tumanidagi 16-sonli bog`chada joriy yilning 1 iyun kuni mudira v.v.b. Ch.A. va bog`cha hamshirasi vazifasida ishlovchi E.G.lar o`zaro kelishmovchilik natijasida janjallashib, Ch.A. janjal davomida E.G.ning bosh qismiga bokal bilan urib, boshini yorgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.
Mazkur holat yuzasidan Maktabgacha ta`lim vazirligi quyidagilarni ma`lum qildi.
Payariq tumani STEBning xulosasiga ko`ra, E.G.ning boshni chap chakka sohasida ezilib yirtilgan yara jarohatlari aniqlangan. Xulosada ushbu jarohat o`tmas qattiq jismlarning bir marotaba zarb ta`sirida etkazilganligi, odatda kechuvida sog`likni qisqa, ya`ni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan ko`p bo`lmagan muddatga buzilishiga olib kelishi, shuning uchun og`irlik darajasiga ko`ra, "engil sog`likni buzilishiga sabab bo`lgan tan jarohatlari" guruhiga kirish qayd etilgan.
Holat yuzasidan 2 iyun kuni Qo`shrabot tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
" – Shuningdek, alohida qayd etish joizki, Maktabgacha ta`lim vazirligi bu kabi xodimlarning ish faoliyatini oqlamaydi. Xususan, holat sabab mazkur MTTda faoliyat yuritayotgan vaqtinchalik rahbarlik lavozimi yuklatilgan metodist Ch.A., va hamshira vazifasida ishlovchi E.G.lar bilan mehnat shartnomalari bekor qilindi.
Hurmatli sohaning fidoiy xodimlari! Sizlar Yurtimizning farzandlariga ta`lim va tarbiya bermoqdasiz. Yuqorida ta`rif berilgan holatlar takrorlanmasligi va bunday holatlarni yuzaga keltirishdan oldin, Siz maktabgacha ta`lim soha xodimi hamda bolalar bilan ishlaydigan namuna bo`luvchi inson ekanligingizni unutmang", – deyiladi rasmiy bayonotda.






