“Maktabgacha ta`lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–322-son, 14.07.2022 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qarorga muvofiq, 2022 yil 1 sentyabrdan:
oilaviy nodavlat bog`chalarda:
qatnayotgan ijtimoiy ko`makka muhtoj oilalar farzandlari va maxsus kontingentlar soni tarbiyalanuvchilar sonining 70 foizidan kam bo`lganda, etmagan qismiga boshqa oilalarning bolalarini qabul qilishga ruxsat etiladi;
tarbiyachi va tarbiyachi-yordamchi lavozimlari uchun 4,5 tagacha shtat birligini ajratishga ruxsat etiladi;
tarbiyachi va tarbiyachi-yordamchilarga byudjetdan ish haqini qoplash uchun subsidiya to`g`ridan-to`g`ri ushbu xodimlarning plastik kartasiga o`tkazib beriladi;
davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan bog`chalarda, oilaviy bog`chalarda:
byudjetdan to`lanadigan subsidiya va kompensasiyalarni hisoblashda 3 yosh va undan katta yoshdagi, lekin 7 yil 8 oydan katta bo`lmagan yoshdagi tarbiyalanuvchilar hisobga olinadi;
ota-onalar to`lovi miqdorini mustaqil ravishda belgilab 3 yoshga to`lmagan bolalarni ham qabul qilishga ruxsat etiladi;
tabiiy gaz uchun kompensasiya markazlashgan tabiiy gaz ta`minoti bo`lmagan, lekin isitishning boshqa turlaridan foydalanayotgan DXSh asosidagi va nodavlat bog`chalarga ham to`lanadi.






