1

50 kilogramm miqdoridagi tilla taqinchoqlarning noqonuniy savdosiga chek qo`yildi

Jinoyat 26.07.2016, 16:44
Teglar: Jazo, Jinoyat
50 kilogramm miqdoridagi tilla taqinchoqlarning noqonuniy savdosiga chek qo`yildi

Iqtisodiyotda “oltin zahirasi” degan tushuncha bor. U davlatning Moliya vazirligi yoki markaziy banki ixtiyoridagi qimmatbaho metall rezervini anglatadi. Biroq, bunday ulkan “zahiralar” oddiy odamlarda ham bo`lishi mumkinligini hayotning o`zi ko`rsatib turibdi.

Xalqimizda “tillani ko`rsa, farishta ham yo`ldan ozadi” degan hazilomuz naql bor. Maqolamiz qahramonlarini “farishta”ga qiyoslash qanchalik to`g`riligini bilmadig-u, lekin ularni shayton yo`ldan ozdirganiga aslo shubha yo`q.

Masalan, yaqinda Toshkentda 50 kilogramm qimmatbaho metallni noqonuniy o`zlashtirgan ikkita jinoiy guruh faoliyatiga chek qo`yildi. Jinoyat ishi bo`yicha tergov natijalariga ko`ra, ulardan olingan 18,8 kilogramm oltin, 11,2 kilogramm kumush, 224 qirot olmos, shuningdek, zumrad, yoqut va boshqa qimmatbaho toshlar – jami 2,9 millard so`m miqdoridagi xazina davlat foydasiga musodara qilindi.

Tergov va surishtiruv davomida ma`lum bo`lishicha, samarqandlik Aziza Xudoyberdieva, andijonlik Ahmad Nuriddinov va Sharofiddin Patidinov — yoshlari 35-40 oralig`ida bo`lgan, hech qaerda ishlamaydigan “hamkorlar” mamlakatimizdan xorijiy valyutani olib chiqish va zargarlik mahsulotlarini olib kirishning noqonuniy tizimini yo`lga qo`yishgan.

Kontrabanda yo`li bilan olib kirilgan bunday qimmatbaho buyumlar Toshkent-Andijon-O`sh yo`nalishida tashilgan. Qirg`iziston hududida ularga allaqanday Hoji opa ismli ayol sherikchilik qilgan. Bu ayol bilan odatda faqat Aziza Xudoyberdieva “oldi-berdi” qilardi. Ahmad Nuriddinov esa, o`z uyida noqonuniy olib kirilgan xomashyodan zargalik mahsulotlarini qoliplab chiqarar, jinoiy uchlikning boshqa a`zolari bilan birga tayyor kontrabanda-taqinchoqlarga aralashtirib pullashardi.

Jinoiy guruh vakillaridan o`nlab kilogramm qimmatbaho metallar bilan birga 34 million so`m va 2 ming dollardan ortiq pul olib qo`yilgani ularning pichog`i moy ustida ekanini ko`rsatadi. Faqat huquq-tartibot idoralarining aralashuvi bilan bu noqonuniy tijoratga barham berildi.

Fosh qilingan yana bir jinoiy to`dani ham ayol kishi boshqarib kelgani ma`lum bo`ldi. Andijonlik 42 yoshli Hamidaxon Sodiqovaning ish faoliyati ham yuqorida nomlari zikr etilgan “hamkasb”larinikidan aslo farq qilmaydi. U avval mamlakatimiz hududidan xorijiy valyutani noqonuniy yo`l bilan olib chiqib ketgan, bu pulga Turkiyadan oltin sotib olgan va Qirg`iziston orqali yurtimiz hududiga olib kirishga harakat qilgan.

“Qora zargar”ga uning fuqarolik asosidagi “yostiqdosh”i A.Xegay hamda poytaxt va hududlardagi hamkorlari yaqindan yordam berib kelgan. Tergov davomida ulardan 16 ming dollar va 394 million so`m pul musodara qilingan.

Ulardan olingan 45 kilogramm miqdoridagi zargarlik mahsulotlari va metall parchalarining aniq vazni va tarkibini belgilash maqsadida asillik darajasini belgilash palatasi tomonidan texnik ekspertiza o`tkazildi.

Unda aniqlanishicha, ushbu metallarning 32,5 kilogramini oltin, 11,2 kilogramini kumush, 1,2 kilogramini aralash kumush qotishmasi, 223 karatini olmos, ozroq qismini esa, yoqut va zumrad tashkil qiladi. Musodara qilingan boyliklarning umumiy qiymati 5,2 milliard so`mni tashkil qiladi.

Bu jinoiy ish ham xuddi avvalgisidek jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudida ko`rib chiqildi. Bojxona va soliq qonunchiligiga oid va boshqa bir qator qonunbuzarliklarni sodir etgan bu kimsalar o`z qilmishlariga yarasha jazolarini olishdi.

Bu jazo ular uchun bir umrlik saboq bo`lsa ajabmas...

Azamat Rajabov

Sharhlar

Jizzaxda 39 yoshli erkak xotinini urib o`ldirdi (video)

07.09.2022, 12:07

Jizzaxda ayol o`z eri tomonidan o`ldirildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda. Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 2 sentyabr kuni Jizzax viloyati Zarbdor tumani Yangihayot...
Namanganda 21 yoshli yigitni qotiliga aylangan blogerga nisbatan qamoq jazosi tayinlandi

10.01.2022, 21:58

Namanganda 150 ming so`m evaziga Instagram sahifasidagi obunachilarini ko`paytirish ortidan ikki bloger o`rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik qotillik bilan tugadi.Qayd etilishicha, hodisa Chust tumanida o`tgan yilning...
Rossiyada vaksinadan bosh tortgan xodimlar jazolanmoqda

16.08.2021, 12:20

Rossiyada vaksinadan bosh tortgan xodimlar jazolanmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ma`lum qildi.Unga ko`ra, Rossiyadagi har beshta kompaniyaning biri koronavirusga qarshi vaksina olishdan bosh...
Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi

10.08.2021, 17:29

Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB xabar berdi.Ma`lum bo`lishicha, Termiz tumani “Sh.Rashidov” mahallasida yashovchi fuqaro X.Ilhom 2021 yil 29 iyun kuni...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1