AsosiyJamiyat

O`zbekistonda jazirama kunlarda “Tez yordam” xizmatiga qancha bemor murojaat qildi? SSV javob berdi

'O`zbekistonda jazirama kunlarda “Tez yordam” xizmatiga qancha bemor murojaat qildi? SSV javob berdi'ning rasmi

Avval xabar qilganimizdek, o`tgan hafta O`zbekistonga Eron hududlaridan issiq va quruq havo oqimi kirib kelishi natijasida 17 iyuldan boshlab yurtimizda yuqori harorat kuzatilmoqda.

Soha mutaxassislari ushbu jazirama hafta davomida saqlanib qolishi, xususan, 21-23 iyul kunlari mamlakatimizda kunduzi harorat 43-45 darajagacha, shimol, janub va cho`l hududlarida esa 47 darajagacha ko`tarilishini taxmin qilyapti.

Bunday noqulay iqlim, eng avvalo, surunkali kasalligi bo`lgan, dispanser nazoratida turuvchi bemorlar, yosh bolalar, homilador ayollar va keksalar salomatligi uchun xavf tug`dirishi mumkin.  

Issiq havoda surunkali xastaliklar xuruj qilishini e`tiborga olsak, “Tez yordam” xizmati xodimlari zimmasiga bu borada alohida mas`uliyat yuklanadi. Xo`sh, O`zbekistonda jazirama issiq kunlarda “Tez yordam” xizmatiga qancha murojaat bo`lmoqda? Bu haqda SSV matbuot xizmati ma`lumot taqdim etdi. 

— Yurtimizda anomal issiq boshlangan 17 iyuldan bugun, 20 iyul soat 06:00 ga qadar Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga jami 130 ming 115 ta chaqiriq kelib tushdi, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy  markazining Tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari  Davlatbek Yuldashev.

— Murojaatchilarning 23  ming 421 nafarini qon bosimi ko`tarilishi, nafas etishmovchiligi, astma xurujlari va boshqa surunkali kasalliklari bo`lgan bemorlar tashkil etdi. Ularning 4215 nafari esa gospitalizasiya qilindi.

 Qolaversa, ushbu sanalarda Toshkent shahar “103” xizmatiga jami 11 ming 821 ta chaqiriq kelib tushgan. Murojaatlarning 4 ming 235 nafarini qon bosimi ko`tarilishi, nafas qisishi, astma va boshqa kasalliklar bo`yicha bemorlar tashkil etdi. Ularning 2 ming 185 nafari esa davolanish uchun shifoxonalarga yotqizilgan.

Ma`lumot o`rnida aytish lozimki, yurtimizda jazirama havo kuzatilayotgani bois Sog`liqni saqlash vazirligining alohida nazorati yo`lga qo`yildi.

Xususan, yurtimizdagi 1010 ta poliklinika, 923 ta oilaviy shifokor punktida patronaj xizmatlari kuchaytirilib, surunkali kasalliklarga chalingan yotoq sharoitidagi bemorlarga o`z vaqtida zarur tibbiy yordam ko`rsatilmoqda.

Shuningdek, mamlakatimiz bo`ylab 2762 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo`ladigan chaqiriqlar uchun doimo shay holatda.

Shu o`rinda Sog`liqni saqlash vazirligi zarurat bo`lmasa, aholidan jazirama payti tashqariga chiqmaslikni, tez-tez suyuqlik ichish, imkon qadar yog`li, dudlangan taomlar tanovul qilmaslik, aksincha, ko`proq meva va sabzavotlar iste`mol qilishni tavsiya etadi.

 

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar