Bugun "ko`hna qit`a" yana koronavirus girdobida. Pandemiyaning yangi to`lqini mintaqada epidemiologik vaziyatni takror izdan chiqara boshlagan. Bu erda “omikron”ning yangi mutasiyalari keng tarqalmoqda, deya xabar bermoqda SSV.
Shu munosabat bilan Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining Evropa byurosi rahbari Xans Klyuge ushbu hududda joylashgan mamlakatlar aholisi va hukumatlariga murojaat bilan chiqdi.
Unda qayd etilishicha, mintaqada so`nggi olti hafta ichida COVID-19 bilan kasallanish holatlari uch baravar, shifoxonaga yotqizilganlar esa ikki baravar oshgan.
Bemorlar soni asosan keksa yoshli insonlar hisobiga o`sishda davom etyapti. Eng yomoni, xastalik oqibatida har haftada 3 mingga yaqin kishi hayotdan ko`z yummoqda.
“Xavotirli jihati, bolalar yozgi ta`tildan qaytib, o`qish mavsumi boshlangach, vaziyat yanada yomonlashishi mumkin, — deydi X.Klyuge. — Ammo kuz kelishini kutib, zarur chora-tadbirlarni ortga sursak, epidemiologik vaziyat butunlay izdan chiqishi hech gap emas”.
Shundan kelib chiqqan holda JSSTning Evropa byurosi kuz-qish mavsumi uchun harakatlar strategiyasini taqdim etdi.
Unda belgilangan dastlabki chora-tadbir emlash qamrovini oshirishni ko`zda tutadi.
Xususan, besh va undan katta yoshdagi immuniteti zaif kishilar hamda xavf guruhiga mansub aholi qatlamiga koronavirusga qarshi vaksinaning oxirgi bosqichidan uch oy o`tgach, ikkinchi kuchaytiruvchi dozani qo`llash tavsiya etilgan.
Bino va inshootlar ichkarisida hamda jamoat transportida niqob taqishni rag`batlantirish lozim.
Aholi gavjum joylar (maktablar, idoralar, jamoat transporti) ventilyasiya tizimi bilan ta`minlanishi kerak.
Kasallikning og`ir bosiqchini boshdan kechirish xavfi ostida bo`lganlar uchun qat`iy terapevtik protokollar o`rnatish zarur.
Xans Klyuge koronavirusning yangi mutasiyalari avvalroq kasallikni boshdan o`tkazganlarga ham yuqishi mumkinligi va uning oqibatlari davomli bo`lishidan ogohlantirdi.
“Masalan, birgina Buyuk Britaniyada ikki million nafarga yaqin kishi, ya`ni mamlakat aholisining uch foizi hozir COVID-19 asoratlaridan aziyat chekmoqda” — deydi mutaxassis.






