2022 yil 22-24 iyul kunlari Samarqandda Butunjahon jamiyatining “O`zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans poydevori” VI Xalqaro Kongressi bo`lib o`tadi.
Tadbirdan ko`zlangan maqsad – Markaziy Osiyo madaniyatini o`rganuvchi xalqaro ilmiy hamjamiyatni birlashtirish, O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyatining o`tgan yildagi faoliyatining taqdimotini o`tkazish, ushbu sohadagi xalqaro faoliyatning yangi yo`nalishlarini rivojlantirishdan iborat.
Kongress ishida dunyoga mashhur 250 dan ortiq sharqshunos olimlar, jumladan, 33 ta tashkilot direktori, 6 ta xalqaro tashkilotlar vakili, 7 ta muassasa prezidenti, 13 ta akademik, 22 ta professor, 18 ta fan doktori, 6 ta fan nomzodlari ishtirok etadi.
Kongressning markaziy voqeasi sifatida “O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida” turkumiga oid 10 ta yangi kitob-albomning (51-60 jildlar) taqdimoti o`tkaziladi.
VI Xalqaro Kongress doirasida xorijiy davlatlarning O`zbekistondagi elchixonalariga “O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida” turkumiga oid kitob-albomlarni olish uchun sertifikatlarni topshirish marosimi ham bo`lib o`tadi.
Shuningdek, “O`zbekiston madaniy merosi zamonaviy ilm-fan diqqat markazida” xalqaro ilmiy konferensiyasi, “Xalqlarni birlashtiruvchi meros: Markaziy Osiyo va Ozarbayjon”, “Butunjahon jamiyatining yangi yo`nalishlari: rejalar va istiqbollar”, “Milliy muzeylar va to`plamlar Butunjahon jamiyati diqqat markazida” kabi mavzularda davra suhbatlari bzlib o`tadi.
Seksiya mashg`ulotlari doirasida olimlarning sensasion bayonotlari va ilmiy ma`ruzalari kutilmoqda.
Shuningdek, Kongress davomida bir qator xalqaro tashkilotlar (YuNESKO, IRCICA, ICESCO, "Al-Furqon" jamg`armasi va boshqalar) bilan hamkorlik memorandumlari imzolanadi.
Samarkand Silk Road sayyohlik markazining tantanali ochilish marosimi tadbirning yorqin qismi bo`ladi. VI Xalqaro kongress ishtirokchilari bo`lmish sharqshunos olimlar tadbir natijalari bo`yicha Qaror qabul qiladi va O`zbekiston Prezidentiga Murojaatnoma tayyorlaydi. U Registon maydonida tantanali ravishda o`qib eshittiriladi.
Tadbir Kongress homiysi Eriell neft-servis kompaniyasi tomonidan Butunjahon jamiyati a`zolari sharafiga tashkil etilgan tantanali kechki ovqat bilan yakunlanadi.