Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi matbuot xizmati mehnat migrantlari uchun Rossiya Federasiyasi qonun hujjatlarida qanday o`zgarishlar bo`lgani haqida ma`lumot taqdim etdi. Unga ko`ra:
- Patentga ega yoki Rossiya Federasiyasida ta`lim olayotgan chet el fuqarosi voyaga etmagan farzandlarining vaqtincha bo`lish muddatini uzaytirishi mumkin.
- "Vizasiz" mamlakatlar fuqarolari (shu jumladan, O`zbekiston fuqarolari ham) Rossiya Federasiyasidan chiqmasdan mehnat faoliyatini amalga oshirish ("ish") uchun migrasiya kartasidagi tashrif maqsadini o`zgartirishi mumkin.
Buning uchun IIV Migrasiya boshqarmasiga bildirishnoma bilan murojaat qilish kerak. Tashrif maqsadini patentga ariza berishda darhol "ish"ga o`zgartirish mumkin.
Agar chet el fuqarosi STIR (INN)ga ega bo`lsa va uni arizada ko`rsatgan bo`lsa, patent olish uchun arizani ko`rib chiqish muddati 5 ish kunidan oshmaydi. STIR (INN) bo`lmasa, bu muddat 10 ish kunini tashkil qiladi;
- Rossiya Federasiyasiga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan chet el fuqarolari yiliga bir marta tibbiy ko`rikdan o`tishi kerak;
- Kasbiy ta`lim muassasalarida tahsil olayotgan chet el fuqarolari ishlashi mumkin;
- Vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma (RVP) yoki yashash guvohnomasi (VNJ) bekor qilingan taqdirda, chet el fuqarosi 15 kun ichida Rossiya Federasiyasi hududidan chiqib ketishi kerak.
Ushbu o`zgarishlar 2022 yil 14 iyuldan kuchga kirgan.