1

G`aroyibot: Tutunsifat sharpa

Mutolaa 04.08.2016, 11:30
G`aroyibot: Tutunsifat sharpa

Bu xatni o`qiyotib, biroz seskandik. Albatta, bu dunyoda biz bilgan va bilmagan sinoatlar, hodisalar juda ko`p. Ammo sirdaryolik muxlisimiz Diyor Alievning gapirib berganlari har qanday yurakka g`ulg`ula soladi... 

“Men o`shanda hali uylanmagan, hayotning oqu-qorasini ajrata olmaydigan, g`o`r, o`yinqaroq edim. Oilamizda va amakilarimning xonadonida ham qiz farzand ko`pligi bois, bobomning birgina o`g`il nabirasi o`zimligim tufayli erka, so`zini o`tkazishga urinadigan bo`lib o`sgandim. 

Bobom meni bir zum ko`rmasa turolmas, ko`zidan yiroqlashsam, qidirishga tushardi.

—  Qaerga ketayotganingni aytib ket. Men xavotirda qolmay. Sening to`yingni ko`rmaguncha o`lmayman agar, o`zing ilhaq qilib o`ldirmasang, — derdi u kishi darvoza tomon qadam bossam. 

—  Bobo, futbol o`ynagani boryapman, — derdim. 

Gohida o`rtoqlarim bilan sigirlarimiz uchun daladan o`t olib kelgani borardik. Ba`zida sigir-buzoqlarning o`zini dalaga haydardik. Xullas, u-bu yumush tufayli bobom o`zi hovlida qolar, kelishim bilan qilgan ishlarimni surishtirardi. 

Ana shunday kunlarning birida eng yaqin o`rtog`im Asqar iltimos qildi. 

—  Diyor, men bilan Saratepaga borib kel. Oyim tandir qurmoqchi ekan, o`sha erdan sariq tuproq olib kelib bermasam bo`lmaydi. Bilasan, picha uzoq. O`zim borgani... yo`lda zerikamanmi, deb...

—  Qo`rqayapman de, — qah-qah otdim men. 

Rostdan ham Saratepaga uncha-muncha odam yolg`iz bora olmasdi. Chunki u er katta tepalik bo`lib, o`rtasidan bo`lingandek ikkiga ajralib turar, oralig`ida bir giyoh o`smas, bu ham etmagandek doimo sukunat hukmronlik qilardi. 

—  Yozda chigirtka chirillamaydi, u erda, — derdi bobom tepalik haqida gap ketganida. 

U erda o`t-o`lan o`smasligining ham sababi, tuprog`ining sariq va zarangligi edi. Qishloq ahli undan faqat tandir qurishda foydalanardi. Kimdir “Odamlar tuproq ola-ola tepalikni ikkiga ayirib qo`ygan”, desa, ayrimlar “Tepalik jinlar makoni, shuning uchun u erdan qush ham uchib o`tmaydi”, derdi. 

Biz bo`z yigitlar uchun esa bu er tuproq makoni, o`yin maydoni. Har saratonda, tandir qurish mavsumida kelib, tuproq kavlay turib, rosa baqirib o`ynardik. Sababi, ikkiga ayrilgan tepalik orasida ovoz kuchli aks-sado berardi. Biz ko`pincha, qaysidir qiziqchimiz aytganidek, bor ovozda “Men uylandim”, deb baqirardik. Tovushimiz aks sado bergach, boshqa birimiz “Bekor qilibsan”, deb kulardik ham. Ayniqsa, kulgilar boshqacha jaranglardi, bu erda. 

—  Bobo, Saratepaga ketyapmiz, tuproqqa. Yana qidirib yurmang! — dedim bobomga keta turib.

—  Ehtiyot bo`linglar. U erda jinlar bor... — dedi bobom chin ixlos bilan. 

—  Jin nima qiladi? Bo`lganida shuncha vaqtgacha ko`rardik-da! — dedim eshagimga mina turib. 

Etib borgunimizcha, jo`ram bilan faqat tepalik haqida gaplashdik. Uyam tepalikda negadir jin borligiga ishondi. Men esa ustidan kuldim. Kelgach, birdan ishga kirishmadik, rosa baqirdik. 

—  Bor jinlar ham qochib ketdi, ovozimizdan, — dedim Asqarga kulib. Keyin yana baqirdim: — Qochib ketdi, qochib ketdi... 

—  Jim bo`l! Ishlaylik, — dedi jo`ram. 

—   Ko`p suv ichdim, shekilli. Avval bir engillashib kelay, — dedim-u panaroq  joy qidirdim va tepalik bag`ridagi kovakka qarab...

Shu payt yonimda o`rtog`im paydo bo`ldi. Tutun ichidami-ey, tutunmi-ey...

—  Asqar... — dedim ko`zlarimni ochib-yumarkanman. 

—  Asqar... — dedi u ham. 

—  Asqa-a-a-ar! — uning chindanda tumansifat bo`lib turganidan dahshatga tushib baqirdim. 

—  Ha-a-a! — tuproq kavlayotgan tomonimizdan rostmana Asqarning ovozi keldi. 

—  Ha-a-a! — dedi yonimdagi “tutun” Asqar ham. 

—  Tavba qildim, tavba qildim... — dedim keyin oyoq-qo`lim titrab. 

—  Tavba qildim, tavba qildim, — dedi qarshimdagi ham. 

Shu bilan xushimdan ketibman. Ovozimdan yugurib kelgan Asqar tuproq ham olmay eshakka amallab o`tqizib uyga qaytibdi. Bobom meni ko`rib qo`rqib ketgan. Suv ichirishdi, olov yoqib, “Qo`rqoq” degan irim-sirimlarni ham qilishdi. 

—  Kavakdan oq ilon chiqib turgan ekan, shundan qo`rqqan, — dedi ko`zimni ochib o`zimga kela boshlaganimda Asqar. — Men chaqib olibdimi, deb qo`rqibman. 

—  Ilon ko`rganim yo`q... — dedim shivirlab. 

—  Jin... — dedi bobom va duo o`qishga kirishdi.

Men esa ko`rganimlarimni hech kimga aytmadim. Lekin bobom kavakka bovil qilish mumkinmasligini, jinlar oq ilon shaklida, tutun shaklida ko`rishini mumkinligini aytganida, boshimdan o`tganlari ro`yo emasligiga ishondim...”

KAMINA oqqa ko`chirdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1