1

Kuchli magnit bo`roni kuzatilganda qanday tavsiyalarga amal qilish kerak?

Salomatlik 18.08.2022, 12:01
Kuchli magnit bo`roni kuzatilganda qanday tavsiyalarga amal qilish kerak?

Bugun kun davomida G3 va G4 darajaga ega 5-6 ballik magnit bo`ronlari bo`lishi prognoz qilingani haqida xabar bergan edik. 

Ushbu tabiat hodisasi aloqa, elektr tarmoqlari, navigasiya tizimi bilan birga, inson salomatligiga ham salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin. Sog`liqni saqlash vazirligi bunday vaziyatda qanday tavsiyalarga amal qilish kerakligini ma`lum qildi.

Bundan surunkali xastaliklarga chalingan, o`rta va katta yoshli insonlar, ayniqsa, yurak ishemik kasalligi bilan og`rigan yoki miokard infarkt, insultni boshdan o`tkazgan bemorlar ko`proq aziyat chekadi.  

️Chunki quyosh chaqnashlari tufayli hosil bo`lgan magnit maydoni gipertoniklarda qon bosimi oshishi, gipotoniklarda esa aksincha, qon bosimi pasayishiga sabab bo`ladi.  

Bundan tashqari, bosh og`rig`i, holsizlik, qolaversa, turli allergik reaksiyalar kuzatilishi ehtimoli mavjud.  

Shu bois  bunday ob-havo sharoitida surunkali kasalliklarga chalinganlar, keksa yoshli insonlar va homilador ayollardan quyidagi tavsiyalarga amal qilishlarini so`raymiz:

Magnit bo`roni paytida jismoniy faollik, jumladan zo`riqtiruvchi ishlar va mashg`ulotlarni cheklash maqsadga muvofiq.

Avvalo, ovqatlanish rasioniga alohida e`tibor qaratish va ko`proq suyuqlik ichish lozim.  

Sho`r taomlar iste`molini cheklash kerak. Chunki tuz organizmda suv miqdorini kamaytirib, qon bosimi oshishiga sabab bo`ladi.

Sersuv meva-sabzavotlar, kaliy va S vitaminiga boy mahsulotlar ham salomatlik uchun juda foydali.  

Magnit bo`roni kuzatiladigan kunlarda spirtli ichimliklardan butunlay voz kechish shart.  

Yurak xuruji va insultni boshdan kechirganlar ma`lum muddat mashina haydamaganlari ma`qul.

Bunday sharoitda sayohat qilishni kechiktirib turish ham foydadan xoli bo`lmaydi.

Surunkali kasalliklarga chalinganlar esa o`zlari bilan shifokorlar tomonidan buyurilgan dori-darmonlarni olib yurishlari hamda qon bosimini tez-tez nazorat qilib turishlari lozim.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1