“Faol tadbirkor” ko`krak nishoni ta`sis etish to`g`risida Prezident qarori e`lon qilindi.
Hujjat bilan 2021 yil 20 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan o`tkazilgan ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida “Faol tadbirkor” ko`krak nishoni ta`sis etildi.
“Faol tadbirkor” ko`krak nishoni bilan mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o`rinlarini yaratish, innovasiyalar joriy qilish, soliqlarni o`z vaqtida to`lash, mahsulot va xizmatlarni eksport qilish, etuk mutaxassislar tayyorlash hamda biznesdagi muvaffaqiyatlari va ijtimoiy faolligi bilan barchaga namuna bo`layotgan tadbirkorlar taqdirlanadi.
“Faol tadbirkor” ko`krak nishoni har yili 20 avgust – Tadbirkorlar kuni arafasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari, O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, vazirlik, idora va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek, bunga vakil qilingan boshqa shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.
“Faol tadbirkor” ko`krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar haqida har yili “Yilning ilg`or tadbirkorlari” kitobi chop etib boriladi.






