Qoraqalpog`iston Respublikasida 2022 yil iyul oyida yuz bergan holatlar va voqealarni o`rganish bo`yicha Komissiya a`zolari Qoraqalpog`iston Respublikasidagi huquq faollari Azimbay Ataniyazov va Arslanbay Utepov hamda "Fuqarolik tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash" NNT QR bo`limi boshlig`i Gulsara Jollbekova bilan uchrashishdi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati xabar qildi.
O`zaro muloqot davomida Qoraqalpog`istondagi namoyishlar va uning kelib chiqishi sabablari bo`yicha jamoatchilik fikrlari o`rganildi.
Xususan, huquq faollari tomonidan Konstitusiyaviy islohotlar boshlanganidanoq kollmarkaz, Telegram-bot kanal va boshqa onlayn platformalar ishga tushirilgani va bu vositalarning barchasi aholining taklif va mulohazalarini bildirishlari uchun amalga oshirilgan zarur tadbirlar hisoblanishi qayd etildi. Umuman olganda aholiga o`zining xohish-irodasini bildirishi uchun zarur chora-tadbirlar ko`rilgani xususida fikr bildirildi.
Muhokamalar jarayonida fuqarolarni tashqi kuchlar tomonidan boshqarish hamda moliyalashtirish masalasi ham ko`tarildi.
Shuningdek, namoyishchilarning ichki kechinmalari va aholini tinchlantirish uchun huquq tartibot idoralari tomonidan ko`rilgan choralar bo`yicha jamoatchilik fikri o`rganildi. Bunda asosiy e`tibor inson huquqlarini buzish va shaxs erkinliklariga to`sqinlik qiluvchi holatlarni aniqlashga qaratildi.
Namoyishga oldindan tayyorgarlik ko`rilganmi yoki bu fuqarolarda to`satdan norozilik kayfiyatining uyg`onishi natijasida yuzaga kelgan holatmi? Mazkur masala atrofida qizg`in muhokamalar bo`lib o`tdi.
Shuningdek, Komissiya a`zolari so`nggi yillarda Qoraqalpog`istondagi o`zgarishlarga huquq faollarining fikrlari bilan ham qiziqishdi.
Uchrashuvda huquq faollari va NNT vakilining barcha fikrlari diqqat bilan tinglandi, kerakli ma`lumotlar olindi. Hozirda qo`lga kiritilgan ma`lumotlar tegishli tartibda o`rganilmoqda.






