AsosiyJamiyat

Miasteniya kasalligini davolashda qo`llaniladigan "Kalimin" dori vositasining taqchilligi yuzasidan rasmiy izoh berildi

'Miasteniya kasalligini davolashda qo`llaniladigan "Kalimin" dori vositasining taqchilligi yuzasidan rasmiy izoh berildi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda miasteniya kasalligini davolashda qo`llaniladigan "Kalimin" dori vositasining taqchilligi yuzasidan xabarlar tarqaldi.

Ushbu holat bo`yicha Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi quyidagilarni ma`lum qiladi.

Miasteniya – muskullarning tez toliqishi bilan kechuvchi surunkali autoimmun kasallik bo`lib, dunyoda har 100 ming aholidan 10-24 nafarida uchraydi. Bu xastalik turli yoshda, xususan, erta bolalik va keksalik davrida ham rivojlanishi mumkin.

—  Tibbiyoti taraqqiy etgan mamlakatlarning davolash standartlariga e`tibor qaratadigan bo`lsak, Amerika nevrologlari akademiyasining “Miasteniyani davolash bo`yicha xalqaro konsensus yo`riqnomasi”da (2020 yilda yangilangan) xastalikka qarshi qo`llash uchun “Xolinesteraza fermentining ingibitorlari” guruhiga kiruvchi vositalar qayd etilgan.

Shundan kelib chiqib, yurtimizda ham sohada uzoq yillik tajriba va bilimga ega olimlarning tavsiyalari asosida  O`zbekiston nevrologlari assosiasiyasi tomonidan  ushbu guruhga mansub preparatlar miasteniyani davolashda qo`llaniladigan dori vositalari ro`yxatiga kiritilgan.

Shuningdek, Agentlikning Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat Markazi tomonidan miasteniya kasalligini davolashda qo`llaniladigan 16 turdagi (11 ta xorijiy va 5 ta mahalliy) dori vositasi davlat ro`yxatidan o`tkazilgan bo`lib, ular tibbiy amaliyotda foydalanishga ruxsat berilgan.

O`zbekiston nevrologlari assosiasiyasi bergan ma`lumotlarga ko`ra, bu preparatlar orasida neostigmin metilsulfat (Prozerin), ipidakrin (Mediatorn) hamda mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan galantamin gidrobromid tarkibli dori vositalari mavjud bo`lib, davolash jarayonida ularning samaradorligi kuzatilmoqda.

Piridostigmin bromid (Kalimin N 60) O`zbekiston Respublikasida tibbiyot amaliyotida qo`llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reestrida mavjud emas (ya`ni ro`yxatdan o`tmagan) va uning farmakologik ta`siri O`zbekistonda o`rganilmagan.

 

    Boshqa yangiliklar