“Yagona umumrespublika prosessing markazi” MChJ ustav kapitalidagi tegishli banklar (5 ta davlat banki)ning jami 75% ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o`tkazilgani xabar qilindi.
Qayd etilishicha, davlat tender komissiyasi tomonidan Jamiyatdagi 75% davlat ulushi mustaqil baholash tashkilotini jalb etgan holda baholatib sotilishi to`g`risida tegishli qaror qabul qilingan.
"Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Jamiyat ustav kapitalidagi 75 % davlat ulushini sotish uchun “Mas`uliyati cheklangan va qo`shimcha mas`uliyatli jamiyatlar to`g`risida”gi Qonunning 20-moddasi talablariga muvofiq davlat ulushini sotib olishda imtiyozli huquqdan foydalanishlari mumkinligi to`g`risida jamiyatning qolgan ishtirokchilarini hamda jamiyatning o`zini yozma ravishda xabardor qiladi",-deyiladi xabarda.
Ta`kidlab o`tilganidek, jamiyatning boshqa ishtirokchilari tomonidan sotib olishdagi imtiyozli huquqdan foydalanilmagan taqdirda ushbu davlat ulushini belgilangan tartibda ommaviy savdolar orqali sotish choralari ko`riladi va bu to`g`risida qo`shimcha axborot beriladi.






