AsosiyJamiyat

“Avtobus dastlab dizel yoqilg`isida yurishga mo`ljallangan bo`lgan”. “O`zavtosanoat” Sirdaryoda portlab 6 kishini halok qilgan avtobus bo`yicha ma`lumot taqdim etdi

'“Avtobus dastlab dizel yoqilg`isida yurishga mo`ljallangan bo`lgan”. “O`zavtosanoat” Sirdaryoda portlab 6 kishini halok qilgan avtobus bo`yicha ma`lumot taqdim etdi'ning rasmi

Sal avval, Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida ”ISUZU” rusumli avtobusga o`rnatilgan gaz balloni portlashi oqibatida 6 nafar inson vafot etib, 15 nafari turli darajadagi tan jarohatlari olgani xabar qilingan edi.

Holat yuzasidan ”O`zavtosanoat“ AJ rasmiy munosabat bildirdi.

Ma`lum qilinishicha, ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida, ”O`zavtosanoat“ tizimidagi komplaens xizmati xodimlari hamda ”Samarqand avtomobil zavodi” mas`ul xodimlari zudlik bilan joyiga borishgan.

18 avgust kuni 14:30 larda Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida joylashgan, ”Nur Trans Gaz” MChJ gaz to`ldirish shoxobchasi hududida davlat raqami 90 946 WAA bo`lgan ”ISUZU SAZ NP21” rusumli avtobusning ust qismiga o`rnatilgan gaz ballonlaridan biri portlagan.

Mazkur avtobus dizel yonilg`isida harakatlanishga moslashgan holda, 2012 yilda ”Samarqand avtomobil zavodi” MChJ QKda ishlab chiqarilib, MChJning Xorazm viloyatidagi rasmiy dileri orqali sotilgan.

Keyinchalik, avtobusni sotib olgan korxona tomonidan 2014 yilda 60 litr sig`imli, 6 dona gaz balonlar avtobus konstruksiyasiga o`zgartirish kiritilgan holda, avtobusning ust qismiga o`rnatilgan.

Bundan tashqari, ushbu avtobus bir yillik kafolat davrida kafolat talablari bo`yicha belgilangan davriy ko`rikdan o`tkazish masalasida rasmiy dilerga murojaat qilmagan.

Ta`kidlanishicha, kafolatli xizmat ko`rsatish sohasi siyosatiga ko`ra, avtobus konstruksiyasiga o`zgartirish kiritilgan hollarda, berilgan kafolat doirasidan o`z-o`zidan chiqib ketadi.

Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksi 262-moddasi (Transportni ta`mirlash yoki uni foydalanishga chiqarish qoidalarini buzish) 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

    Boshqa yangiliklar