Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo`g`on va Suriya prezidenti Bashar al-Asad sentyabrda O`zbekistonda bo`lib o`tadigan ShHT sammitida uchrashishi rad etildi. Bu haqda «TRT World» xabar berdi.
Raddiya Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho`g`li tomonidan e`lon qilingan. U 15–16 sentyabr kunlari Samarqandda bo`lib o`tishi rejalashtirilgan sammitda Erdo`g`on va Asad o`rtasida uchrashuv bo`lishini istisno qilib, Asadning tadbirga taklif etilmaganini aytgan.
U Suriyada barqaror tinchlik o`rnatilishi uchun qadam tashlash kerakligini aytib, rejimning muxolifatni terrorist sifatida ko`rmasligi kerakligini ta`kidlagan.
«Turkiya boshidanoq eng muhim jarayonning siyosiy ekanini bildirgan», — deydi Chavusho`g`li.
Diplomat Turkiya Suriyada «natijaga yo`naltirilgan» siyosat olib borayotgani, mamlakatning hududiy yaxlitligi muhimligi va terror tashkilotlarini undan tozalash zarurligini ta`kidlagan.






