Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri yaqinidagi Strelndagi Konstantinovskiy saroyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turkiya prezidenti Rajab Toyip Erdo`g`an uchrashdi, deb xabar berdi “Evronyus” nashri.
Bu Rossiya qiruvchi samolyotining Turkiyada urib tushirilganidan so`ng va Turkiyada yuz bergan davlat to`ntarilishidan keyin ikki mamlakat rahbarlarining ilk uchrashuvidir.
Rossiya Su-24 qiruvchi samolyoti urib tushirilgandan keyin Turkiyaga nisbatan qo`yilgan iqtisodiy sanksiyani bosqichma-bosqich bekor qilishga rozi bo`ldi. Qurilish kompaniyalarining faoliyatiga qo`yilgan cheklovlar ham yaqin kunlarda bekor qilinadi.
“Ha, haqiqatan ham davlatlararo munosabatlarda juda og`ir vaziyatni boshdan kechirdik, ammo Turkiya va Rossiya fuqarolarining talab-ehtiyojlarini hisobga olgan holda bu qiyinchiliklarni engib o`tishimiz lozim. Bu narsani turkiyalik birodarlarimiz ham his etayotganini sezib turibmiz” dedi Vladimir Putin o`z nutqida.
Prezident Erdo`g`an Turkiyaning hamkorlikdagi energetik loyihasini yangilash niyatida ekanligini bildirdi. U “Turkiya oqimi” gaz quvurlari qurilishini eng dolzarb masalalardan biri deb atadi.
“Mamlakatlarimiz o`rtasidagi 35 milliardlik savdo hajmi ko`ngilsiz voqealar tufayli 27 milliardga tushib ketdi. Kelgusi maqsadimiz savdo hajmini 100 milliardga ko`tarishdir, bu vazifani amalga oshirishda qo`limizdan kelgancha harakat qilamiz”, dedi Rajab Toyip Erdo`g`an.
Suriyadagi nizolar bo`yicha turli xil, qarama-qarshi fikrlarga ega bo`lgan Rossiya va Turkiya prezidentlari bu masalani seshanba kuni kechqurun, maxsus xizmat xodimlari va harbiylar ishtirokida bo`lib o`tgan uchrashuvda muhokama qilishdi.