AsosiyJamiyat

Energetika vazirligi Statistika qo`mitasi ma`lumotlarini rad etdi

'Energetika vazirligi Statistika qo`mitasi ma`lumotlarini rad etdi'ning rasmi

2022 yil 23 avgust kuni telegram kanallarida rasmiy statistika ma`lumotlariga tayangan holda yanvar-iyul oylarida elektr energiyasini ishlab chiqarish ko`rsatkichlari qisqarganligi ma`lum qilindi. Unda Davlat statistika qo`mitasidan olingan ma`lumotda 2022 yil yanvar-iyul oylarida 40 mlrd 43 mln kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, o`tgan yilning shu davriga nisbatan 297 mln kVt.soat kam ekanligi qayd etilgan.

Mazkur xabarlarga Energetika vazirligi raddiya berdi. 

Aniq hisobotlarga tayanib, vazirlikning ma`lum qilishicha, joriy yilning yanvar-iyul oylarida respublika bo`yicha 43 mlrd 250 mln kVt.soat yoki o`tgan yilning mos davriga nisbatan 2 mlrd 177 mln kVt.soat ko`p (o`sish sur`ati 105,3%) elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.

- Issiqlik elektr stansiyalari va markazlarida 38 mlrd 551 mln kVt.soat (o`tgan yilga nisbatan 1 mlrd 18 mln kVt.soat ko`p, o`sish sur`ati 102,7%) elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Shu jumladan “Issiqlik elektr stansiyalari” AJda 33 mlrd 77 mln kVt.soat, Angren IES va Yangi-Angren IES tomonidan 3 mlrd  345 mln kVt.soat.

- DXSh asosidagi yangi IESlarda 2 mlrd 128 mln kVt.soat.

- DXSh asosidagi quyosh fotoelekr stansiyalar tomonidan 219 mln kVt.soat.

- Gidroelektr stansiyalarda tomonidan esa 4 mlrd 84 mln kVt. soat (898 mln kVt.soat ko`p, 128%).

Elektr stansiyalarida amalda ishlab chiqarilgan hamda Davlat statistika qo`mitasi ma`lumoti asosida “bakiroo” telegram kanalida berilgan elektr energiyasi miqdorlari orasida yuzaga kelgan farq quyidagi sabablar bilan izohlanadi:

Birinchidan, Davlat statistika qo`mitasi ma`lumotida kichik korxonalar toifasiga kiritilgan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar inobatga olinmagan. Xususan, DXSh asosida Turkiya kompaniyalari bilan hamkorlikda Buxoro, Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi ishga tushirilgan 5 ta yangi issiqlik elektr stansiyalari, shuningdek Navoiy va Samarqand viloyatlarida ishga tushirilgan 2 ta quyosh fotoelektr stansiyalari hamda Ohangaron, Hisorak, Qamchiq gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hisobga olinmagan. Ushbu stansiyalar tomonidan joriy yilning yanvar-iyul oylarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 2 mlrd 515 mln kVt.soatni tashkil etgan.

Ikkinchidan, Toshkent viloyatining Qibray tumanida “Aksa Enerji”, kompaniyasi tomonidan  ishga tushirilgan  IES orqali ishlab chiqarilgan 1 mlrd 78 mln kVt.soat elektr energiyasini ishlab chiqarish sifatida emas, balki elektr energiyasini sotish sifatida kiritgan;

Uchinchidan, ba`zi elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan har oy yakunida Davlat statistika qo`mitasiga “tarmoqqa berilgan” elektr energiyasi bo`yicha raqamlar beriladi. Shu bilan birga, ular tomonidan “O`zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga “umumiy ishlab chiqarish” bo`yicha raqamlar taqdim etiladi. Shu va boshqa sabablarga ko`ra raqamlar orasida yana 802 mln kVt.soat farq yuzaga kelgan va bu ko`rsatkich statistika ma`lumotlarida aks etmagan, deyiladi rasmiy munosabatda. 

 

    Boshqa yangiliklar