AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda 10 ta tibbiyot muassasasining mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy jazo choralari qo`llanildi

'Qashqadaryoda 10 ta tibbiyot muassasasining mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy jazo choralari qo`llanildi'ning rasmi

Tibbiy uskunalarni qimmat narxlarda sotib olib, budjet mablag`larini talon-toroj qilgan tibbiyot muassasalarining mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy jazo choralari qo`llanildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati xabar qildi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2021 yil iyul oyida Qashqadaryo viloyatida o`tkazilgan o`rganish natijalari bo`yicha 10 ta tibbiyot muassasasi tomonidan 75 dona jami 7,8 mlrd so`mlik tibbiy uskunalar Qarshi shahridagi “D.M.” MChJdan shartnoma asosida juda qimmat narxlarda budjet mablag`lari hisobiga sotib olinganligi aniqlanib, mazkur holat yuzasidan to`plangan materiallar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborilgan.  

Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan tibbiy uskunalarni asl narxidan 3 mlrd. 150,6 mln. so`mga qimmat narxlarda sotib olinganligi holati bo`yicha 2021 yil 16 dekabr kuni  “D.M.” MChJ rahbari va Qashqadaryodagi 10 ta tibbiyot muassasasi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.  

(Qashqadaryo viloyati 1-son asab ruhiy kasalliklar dispanseri, viloyat Perinatal markazi,  Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Qashqadaryo viloyat filiali,  Nishon tuman Tibbiyot birlashmasi,  Qashqadaryo viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi, Qashqadaryo viloyat Ftiziatriya dispanseri,  Qashqadaryo viloyat Keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslar urush va mehnat faxriylari uchun sanotoriyasi,  Qashqadaryo viloyati 2-son asab ruhiy kasalliklar dispanseri, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo viloyat mintaqaviy filiali, Teri tanosil kasalliklari dispanseri)

Misol uchun, viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi “Ultrazvukovaya diagnosticheskaya sistema E-CUBE 8 s 4 datchikami”  tibbiy uskunasini  500,0 mln.so`mga (aslida 251,1 mln.so`mlik) yoki 200 foizga (249,9 mln so`m) ustama qo`yilgan holda sotib olgan.

Shuningdek, viloyat Teri tanosil kasalliklari dispanseri tomonidan haqiqiy bahosi 386,6 mln.so`mlik tibbiy uskunalarni 944,1 mln.so`mga xarid qilganligi, ya`ni 557,5 mln.so`mga yoki 244,2 foizga qimmat narxlarda sotib olinib, budjet mablag`lari talon-toroj qilinganligi sudning hukmi bilan o`z tasdig`ini topdi.  

Umuman, yuqorida qayd etilgan 10 ta tibbiyot birlashmasida 7,8 mlrd. so`mlik harid qilingan tibbiy uskunalar bozor bahosiga nisbatan 3 mlrd. 150,6 mln. so`mga  qimmat narxlarda xarid qilinib, byudjet mablag`lari talon-toroj qilinganligi tergov jarayonida aniqlanib, aybdor shaxslardan 3 mlrd. 150,6 mln. so`m byudjetga undirildi.

Mazkur jinoyat ishi doirasida 10 ta tibbiyot muassasasining 11 nafar mansabdor shaxslari hamda “D.M.” MChJ rahbari Jinoyat ishlari bo`yicha Qarshi tumani sudining 2022 yil 4 avgustdagi hukmiga asosan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, ularga nisbatan jinoiy jazo choralari belgilandi.  

Shuningdek, ular 1 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan ham mahrum etildi.  

 

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar