Islom Abdug`anievich Karimov – O`zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti. Birinchi prezident Islom Karimov 2016 yil 2 sentyabr kuni og`ir xastalikdan so`ng 78 yoshida vafot etdi. Ushbu kunni nafaqat o`zbekistonliklar, balki butun dunyo chuqur qayg`u bilan eslaydi. 2016 yil 2 sentyabr O`zbekiston Prezidenti vafot etgani haqida rasmiy xabar e`lon qilindi.
Prezident vafotidan uning xotirasini abadiylashtirish maqsadida 2017 yil 31 avgust kuni Toshkent shahrida sobiq Oqsaroy qarorgohi oldida uning birinchi haykali tantanali ochilgan. Shuningdek, birinchi prezident haykallari Samarqandda (2017 yil 2 sentyabr), Qarshida (2018 yil 30 yanvar) hamda Moskvada (2018 yil 18 oktyabr) ochilgan. Bundan tashqari, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent xalqaro aeroportiga, Farg`onadagi san`at saroyi, Asakadagi avtomobil zavodiga hamda bir qator ko`chalarga Islom Karimov nomi berilgan.
Bugun birinchi sobiq prezidentning vafot etganiga 6 yil bo`ldi. "darakchi.uz" Birinchi Prezidentning yaqinlari, hamkasblari va u bilan yaqin muloqotda bo`lgan insonlarning Islom Karimov haqidagi xotirlarini jamladi.
Tatyana Karimova, Islom Karimovning rafiqasi:
— Islom Abdug`anievich qattiqqo`l, ayni chog`da nihoyatda adolatli inson edi. Uning hayot tarzini asketik deb baholasa bo`ladi. U ovqatlanishda ham ma`lum me`yorga rioya etardi. U sport bilan yoshligidan shug`ullanar edi. Umrining so`nggi kunlarigacha suzish va tennis bilan shug`ullanib keldi.
Birinchi Prezidentimiz deyarli ta`tilsiz ishlar edi. Faqat ba`zan-ba`zan o`zimizning Qaynarsoyda bir-ikki kun dam olardik. Yurtimiz tabiatini u kishi nihoyatda yaxshi ko`rar, tabiatimizdan go`zalroq maskan yo`q deb hisoblar edi. Shifokorlarga murojaat qilishni hush ko`rmas edi. U kishini biror bir tibbiy tekshiruvdan o`tishga undash men uchun chinakkam bir muammo edi. Uning butun fikru hayoli hamisha ishda edi.
Sovg`a qilishni juda yaxshi ko`rar edi. Agarda uyimizga kelgan mehmon biror bir suvenirni ko`rib, “chiroyli ekan” desa, xursand bo`lib darrov hadya qilib yuboraverar edi. Islom Abdug`anievich guldasta sovg`a qilishni juda xush ko`rar edi. Dala hovlimizda sayr qilar ekanmiz, albatta gul terib menga in`om etar edi. Bu xotiralar qalbimdan chuqur joy olgan...
Xillari Klinton, AQSh Prezidenti Bill Klintonning rafiqasi (1997 yil noyabr):
— 1997 yil noyabr oyida O`zbekistonga qilgan tashrifim chog`ida ko`hna Samarqand shahrini ziyorat qilish baxtiga muyassar bo`ldim. Samolyotdan meni Prezident Islom Karimov kutib olganidan va o`zi tug`ilib o`sgan shahar bilan shaxsan tanishtirmoqchi ekanidan xursand bo`ldim.
Registon maydonida milliy raqs ijro etgan yoshlar bilan Prezident ularning hayoti, kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashganini ko`rish men uchun juda qiziqarli bo`ldi.
Samarqandliklar bilan suhbatda Prezident Karimov, bu ko`hna shaharda asrlar davomida turli din vakillari – musulmonlar, xristianlar, yahudiylar va boshqalar diniy va milliy urf-odatlarini saqlab yakdillikda yashab kelganliklarini gapirdi.
Turli din va etnik guruhlarning tinch-totuv istiqomat qilib kelishining ko`p asrlik tajribasi butun dunyoda o`rganilishi va tatbiq etilishi kerak deb o`ylayman.
Yuriy Belenko, Islom Karimovning sinfdoshi:
— Biz barcha bolalar singari sho`x edik, gohida darslardan qochib, ko`chalarda o`ynab yurardik. Lekin Islom boshqacha, bosiq va intizomli bola edi. Sakkizinchi sinfga o`tganimizda uning ulg`ayib qolgani ayniqsa bilindi. Biz Islomni sinfkom etib tayinladik, u darhol sinfimiz intizomi va ta`lim ko`rsatkichlaridan javobgarlikni o`z zimmasiga oldi, sinfimiz maktab tadbirlarida faol ishtirok etishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga soldi. U sinfimizda hatto tarbiyaviy soatlar ham o`tkazardi, bizni yaxshi o`qishga, to`g`ri maqsad tanlashga, sinfimiz sha`nini himoya qilishga da`vat etardi.
Islomning aniq va mantiqiy so`zlashishi, ozoda kiyinishiga ko`plar qoyil qolardi. Uni har doim diqqat bilan tinglashardi. Islomning jasurligi va unga har doim suyanish mumkinligi uni boshqalardan ajratib turardi. Unga sirlarni, birovga sotib qo`yishidan qo`rqmay, bemalol aytsa bo`lardi. Uylaymanki, Islom Karimovning bu fazilatlari, birinchidan, oilasidagi tarbiya, oiladagi birdamlikdan shakllangan, ikkinchidan, uning olijanob fe`l-atvori va chin do`st bo`la olishidandir (bu esa eng mushkuli).
Vladimir Putin, Rossiya Prezidenti:
— Islom Abdug`anievich obro`li davlat arbobi, o`z mamlakatining haqiqiy rahbari edi. Zamonaviy o`zbek davlati tarixidagi eng muhim bosqichlar uning nomi bilan bog`liq. Islom Karimov rahnamoligida O`zbekiston tinchliksevar tashqi siyosat olib bordi va Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga, mintaqada ko`p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga yordam berdi. Islom Abdug`anievich O`zbekistonning mustaqil davlat sifatida rivojlanishi uchun ko`p ishlar qildi. Menimcha, ushbu hissaning ko`lami faqat amalga oshmoqda. O`zbekistonning yangi tarixining turli tomonlarini turlicha baholash mumkin. Eng muhimi, davlat rahbari mamlakatda barqarorlikni saqlab qoldi va rivojlanishda davom etdi.
Anvar Qori Tursunov, Toshkent shahri bosh imom-xatibi (marhum):
— 1992 yilda dinimizning ulug` Kitobi – Qur`oni Karimning ma`nolari tarjimasining ilk bor o`zbek tilida nashr etilishida rahmatli Yurtboshimizning alohida xizmati bor. Muqaddas dinimizning sofligini asrash, ulug` allomalarimizning mustabid tuzumda unutilgan, yo`q qilingan boy ilmiy-ma`naviy merosining tiklanishi, tadqiq etilishi, ularning xoki poyi yotgan joylarning ziyoratgohlarga aylantirilishi, masjid va madrasalarimizning obod bo`lib, ilmu irfon taratishi shubhasiz Islom Karimov nomi bilan chambarchas bog`liqdir. U kishining g`oya va amaliy takliflari asosida bunyod etilgan Toshkent shahridagi muhtasham «Minor» jome` masjidi xalqimizga ulug` tuhfalardan biri bo`ldi. Bu muazzam imorat hadisi sharifda aytilgandek, inson vafotidan keyin ham savobi to`xtovsiz etib borguvchi sadaqai joriya sanaladi. Yodimda, u kishi masjidning ilk qurilish davridan alohida ahamiyat qaratib, jarayonni doimo kuzatib, nazorat qilib borar, ustalarga zarur tavsiya va ko`rsatmalar berar edilar.
Donald S.Karlaĭl, amerikalik professor, tarixiĭ va siësiĭ fanlar doktori:
— Men Cherchillni hurmat qilaman, lekin Karimovni mashhur g`arb siësatchilari bilan solishtirganda, men uni kŭproq Ruzvelga ŭxshatgan bŭlar edim.
Eduard Shevardnadze, Gruziya Prezidenti:
— Uning oqil va donoligi shundan ma`lum ediki, u Sovet Ittifoqining parchalanib ketish jarayonini oldindan bilgan. Va barcha sodir bo`lajak voqealar rivojining taxminiy variantlarini ko`z oldiga keltirib, bunga xozirlik ko`rdi, tayyorgarlik ko`rdi. Va O`zbekiston buning natijasida mustaqillikni qo`lga kiritdi. U allaqachon Prezident bo`lishga tayyor edi.
Haydar Aliev, Ozarbayjon Respublikasi Birinchi Prezidenti:
— Islom Karimov hali Sovet ittifoqi davrida adolatsizlikka qarshi chiqaolib, o`z jasoratini namoyon etgan inson. Bu jasorat oldida hamma ortga chekindi.
Farxod Qurbonboev, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist, fotorassom:
— Men omadliman. O`ttiz yil davomida buyuk insonning yonida bo`ldim. Rostini aytsam, men shunday hayot va ijod maktabidan o`tdimki, hech bir universitetda bunday imkoniyat yo`q. Ijodimda erishgan barcha yutuqlarim uchun taqdirimdan minnatdorman. Bularning barchasini Mustaqil yurtimizning Birinchi Prezidenti maktabida erishdim va o`rgandim.
Sevara Tursunova, jurnalist, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi:
— 16 yildan ortiq davlat rahbarining yonida Prezident pullida ishladim. Odamlar menga siz Prezidentga yaqinsiz, siz uni juda yaxshi bilasiz, deyishadi. Yo`q, ular adashishadi. U inson hammaga birdek qarardi, birdek hurmat qilardi. Ayniqsa, jurnalistlarga hurmati juda baland bo`lgan. Bilasizmi, men kabi jurnalistlar pullda juda ko`p edi. Lekin davlat rahbariga qo`rqmay fikrimni bildirishim ularga ko`proq ma`qul kelardi, menimcha. Sir emas, bizga biror tadbirdan avval berilishi mumkin bo`lgan savollar tayyorlanardi. Biroq men hech qachon tayyorlangan savolni bergan emasman. Eslasam, qo`rqmagan ekanman. Savolimni eshitib shunaqa ruhlanib ketardi marhum prezidentimiz. Hatto boshqa tadbirlarda muhokamali vaziyatlar bo`lib qolsa, “Qani, Sevara nima deydi?” deb menga yuzlanardi. Balki shu sabab odamlar ko`ziga davlat rahbariga juda yaqindek ko`rinib qolgan bo`lsam kerak. Juda samimiy, tanti inson edilar.
Nursulton Nazarboev, Qozog`istonning birinchi prezidenti:
— Aytish noqulay, u endi bu yorug` dunyoda yo`q, mening eski do`stim Islom Karimov, mana, uning har doim o`z qarashi bo`lgan. U bilan kelishish juda qiyin bo`lgan. Hamma narsaga nisbatan o`z fikrini aytgan. Lekin shunday holatlar ham bo`lganki, bir safar menga qo`ng`iroq qilib, dedi: „Oldingga bormoqchiman“. Men: „Eshit, kun tartibini tayyorlash kerak, nima haqda gaplashamiz, tayyorgarlik ko`rish kerak“, — dedim. „Hech qanday kun tartibi yo`q, shunchaki, sen bilan ko`rishishim kerak, bo`ldi“, — dedi. U bilan uchrashdim. Umuman, qalbi juda yumshoq va yaxshi inson edi, biroq shunday fe`lli. U keldi, kechqurun o`tirdik, kunduzi suhbatlashdik, masalalarni muhokama qildik. O`shanda juda qiziqarli holatlar bo`lgandi.
Jozef Presel, 1997—2000 yillarda AQShning O`zbekistondagi elchisi:
— 1997 yil oktyabr oyida Toshkentga kelganman. Garchi bungacha Islom Karimov bilan ikki yo uch marta ko`rishgan bo`lsam-da, uni deyarli bilmasdim. Men u bilan o`rtacha ikki oy yo shu atrofda bir marta uchrashishim kerak edi. O`zi uchun qulayroq bo`la boshlagach, u meni Komilovsiz qabul qilishga o`tdi va keyinchalik hatto burchakda turgan tansoqchisini ham chiqarib yuboradigan bo`ldi. Men esa til bilganim uchun odatda uning huzuriga bir o`zim borardim. O`rtamizda yaqin shaxsiy aloqalar hech qachon bo`lmagan. O`zbek protokoli bunga yo`l qo`ymasdi va uning o`zi ham oddiy odam emasdi. Muloqot bo`yicha so`rovlarim doim konkret ish yuzasidan bo`lardi. Hech qachon yaqindan 100 gramm aroqni qittay-qittay qilib, masalan, AQSh va O`zbekiston o`rtasidagi yanada kengroq munosabatlarni va ularni yaxshilash usullarini muhokama qilmaganmiz. Uning qarorgohiga otamlashish uchun shunchaki kira olmasligimni bilganimdan so`ng, unga etib borishning boshqa usullarini ham sinab ko`rishga kirishdim. Elchixona oldiga Karimovning jo`ralari bilan aloqa o`rnatish vazifasini qo`ydim. U kim bilan ichadi, kim bilan ovga chiqadi, kim bilan qarta yoki tennis o`ynaydi? Ma`shuqasi kim? Sinfdoshlari-chi? Va hokazo. Barcha urinishlarim zoe ketdi. Chunki u asosan ishlardi. Boshqa tomondan oradan vaqt o`tib prezidentning oldiga kirish nafaqat men, balki o`zbek amaldorlarining o`zlari uchun ham muammo ekanligi ma`lum bo`ldi. Karimov iliq va yoqimli shaxs bo`lmasa ham, unda ba`zan yumor hissi namoyon bo`lib turar edi.
Jahongir Abirov, Islom Abdug`anievich Karimovning birinchi xos soqchilari boshlig`i:
— 1990 yili may oyi o`rtalari edi. Rustam Inoyatov menga qo`ng`iroq qildi va endi Surxondaryoga ishga ketasan, dedi. Borishdan oldin Prezident bilan ko`rishishim kerak edi. Ikki kundan keyin rahbarimiz telefon qildi. Georgiy Kraynov meni Islom Abdug`anievichning oldiga olib kirdi. U esa o`z jamoamizni shakllantirishimizni aytishdi. Men "Surxondaryoga kim bilan borarkanman”, deb o`ylab tursam, aslida Prezident qo`riqlash xizmatini boshqarish topshirilgan ekan. Umuman kutilmaganda sodir bo`lgan bu tayinlov. Uni qachondan beri bilsam, u hech qachon ta`tilga chiqmagan. Ishga erta kelib, kech soat 10 da uyga qaytardi. Xalq bilan ko`rishganda ko`proq himoyalamoqchi bo`lardik, shunda u haddan ziyod tartib saqlayapsan, derdi. Men "Islom Abdug`anievich, sizni xalq yaxshi ko`radi, xudo ko`rsatmasin, biror gap bo`lsa, mening ishim chatoq bo`ladi. Harbiy prokuror olib borib qamaydi. Men o`z vazifamni bajaryapman. Topshiriq – topshiriq, men sizga sodiqman. Boshingizdan bir tola sochingiz to`kilishini ham xohlamayman", derdim.
Yodgor Sa`diev, O`zbekiston Xalq artisti:
— Ollohimning bu yurtga nazari tushmagania bundan 30 yil ilgari bizga Islom Karimovni bermasdi. Mana shu ham Ollohimning shu yurtga nazari tushganidan dalolat berib turibdi. 1989 yil 5 noyabrdagi Hamza davlat mukofotini taqdirlash marosimi edi. Mukofotni Islom Karimovning shaxsan o`zlari topshirib turib aytdilarki, — Yodgorbek bu birinchisi ekan a? — dedilar. — Ha, Islom Abdug`anievich, birinchisi desam, sekin kulib, qulog`imga menam birinchi marta topshiryapman, -dedilar. Bu inson oddiy, sodda hamda juda ham iymonli inson edi. Har bir gaplari, har bir chiqishlarida iymonni eslatib o`tardi. Sababi bu yurtda iymonli insonlar yashashligini har safar ta`kidlab o`tardilar. Men deyarli barcha mukofotlarimni Islom Karimovning shaxsan o`z qo`llaridan olganman, bu men uchun judayam faxrli.
Abdujalol TAYPATOV, jurnalist:
— Islom Abdug`anievich jurnalistlarga nisbatan e`tiborli edi. Keyinroq u kishi respublikaga birinchi rahbar bo`lib ketgach, O`zAning viloyatdagi muxbiri sifatida ko`p bor Qashqadaryoga qilgan safarlarida hamroh bo`lganman, o`tkazgan yig`ilishlarida ishtirok etganman. Toshkentga qaytar ekan, aeroportda, albatta, jurnalistlar bilan birma-bir qo`l berib ko`rishar va safar haqidagi fikrini, savollari bo`lsa, berishini so`rardi. Jurnalistlar bilan ko`proq gaplashishga intilardi.
U kishining Qashqadaryoga mehri bo`lakcha edi. Bu vohani ikkinchi ona yurtim, deb atardi. Va bir gapni ko`p bora takror-takror aytganini eshitganman: "Mening Toshkentda kabinetlarda o`tgan 27 yillik umrim Qashqadaryoda ishlagan 3 yillik ish faoliyatim bilan teng tosh bosadi" derdi.
Abduhoshim Ismoilov, O`zbekiston xalq artisti:
— Nukusda O`zbekiston, Qirg`iziston, Qozog`iston va Tojikiston rahbaplari Orol muammosi bo`yicha yig`ilish o`tkazdi. Tushlik vaqtida kuy chalishimiz kerak edi. Bir guruh sozandalar davlat rahbarlari oldiga kirdik. Islom Abdug`anievich "Qaysi kuyni chalasizlar?" deb so`radilar mendan. «O`zbek, tojik, qirg`iz va qozoq kuylarini popurri kilganmiz», deb javob berdim. "Har doim o`zbek kuyidan boshlang, xo`pmi?" deb nimtabacsum qildilar. O`sha go`zal tabacsumlari hali-hali esimda. Kuy chalib bo`lganimizdan keyin Qirg`iziston Prezidentiga meni ko`rsatib "Bu yigitni taniycizmi, icmi nima?" deb so`radilar. U kishi "Taniyman-u, icmi esimda yo`q", dedi. Shunda Islom Abdug`anievich "Siz Akaevsiz, bu – Ukaev", deb hammani kuldirdilar. Birinchi Prezidentimiz ana shunday hozirjavob, zukko va kezi kelganda hazilga usta inson edi.