AsosiyJamiyat

Pensiya va nafaqalarni muddatidan oldin to`lab berish yuzasidan topshirig`i ijrosi noto`g`ri talqin qilinmoqda

'Pensiya va nafaqalarni muddatidan oldin to`lab berish yuzasidan topshirig`i ijrosi noto`g`ri talqin qilinmoqda'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Bosh vazirning sentyabr oyi uchun pensiya va nafaqalarni muddatidan oldin to`lab berish yuzasidan topshirig`i ijrosi noto`g`ri talqin qilinayotgan holatlar kuzatilmoqda.

Shu munosabat bilan, O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzaridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi quyidagilarni ma`lum qiladi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli topshirig`iga asosan pensiya va nafaqa oluvchilarga Mustaqillik bayrami oldi ko`tarinki kayfiyat ulashish maqsadida muddatidan avval mablag`larni plastik kartalarga yuklab berish topshirilgan.

Mazkur topshiriq ijrosi bo`yicha etarli mablag`lar 2022 yil 1 sentyabrga qadar tijorat banklarning hisobvaraqlariga moliyalashtirib berildi.

Jamg`armaning tuman (shahar) bo`limlari tomonidan joriy yil sentyabr uchun 4,2 mln. nafar fuqarolarga pensiya va nafaqa to`lovi qaydnomalari 30 avgustga qadar to`liq shakllantirib, axborot tizimlari orqali AT “Xalq banki” va tegishli tijorat banklariga etkazildi.

Joriy yilning 2 sentyabr holatiga pensiya va nafaqa to`lovi uchun jami talab  etilgan 4 298,6  mlrd. so`m  mablag`dan 3 881,2 mlrd.so`m (yoki 90 foiz) moliyalashtirib berildi.

Jumladan, naqd pulda oluvchilar uchun 1 831,9  mlrd. so`m (yoki  oylik  talabning 81  foizi) AT “Xalq banki”ga hamda bank plastik kartalari orqali oluvchilarga to`liq miqdorda 2 049,3 mlrd. so`m  (yoki 100 foiz) tijorat banklariga moliyalashtirilib pensiya va nafaqa oluvchilarning bank plastik kartalariga to`liq yuklab berildi.

“Shuningdek, Prezidentning tegishli farmoniga asosan Mustaqillik bayramida ketma-ket 4 kun dam olish belgilanganligi munosabati bilan AT “Xalq banki” tomonidan sentyabr oyida naqd pulda pensiya va nafaqa oluvchilar uchun to`lovlar joriy yilning 5 sentyabr sanasidan amalga oshirilishini ma`lum qilamiz”, - deyiladi xabarda. 


 

    Boshqa yangiliklar