O`zbekiston Global Peace Index (Global tinchlik indeksi) reytingida Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng xavfsiz davlat deb topildi. Reytingda oxirgi o`rin Afg`onistonga nasib qildi.
Ushbu indeks birinchi marta 2007 yil may oyida hisoblab chiqilgan. Bu dunyo mamlakatlarini hayot xavfsizligi bo`yicha toifalarga ajratishga bo`lgan birinchi urinish edi.
G`oya muallifi avstraliyalik tadbirkor Stiv Killele bo`lib, u, xususan, Dalay Lama va AQShning sobiq Prezidenti Jimmi Karter tomonidan ma`qullangan.
Global tinchlik indeksi har yili Tinchlik instituti xalqaro ekspertlar guruhining sosiologlari va iqtisodchilari tomonidan Sidney universiteti huzuridagi Tinchlik va mojarolarni o`rganish markazi bilan birgalikda ishlab chiqiladi.
Yakuniy indeksni tuzish uchun mutaxassislar quyidagi ko`rsatkichlarni o`rganadilar:
• ichki va tashqi nizolar, ularning intensivligi va qurbonlar soni;
• qo`shni davlatlar bilan munosabatlar;
• qochqinlarning aholi sonidagi ulushi;
• fuqarolar o`rtasidagi ishonchsizlik darajasi;
• siyosiy beqarorlik va jamoat tartibi;
• siyosiy terror;
• terrorchilik hujumlari chastotasi;
• 100 ming kishiga to`g`ri keladigan qotilliklar soni;
• mahkumlar soni;
• og`ir jinoyatlar ulushi;
• huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining soni;
• harbiy xarajatlarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi;
• qurol importi va eksporti;
• BMT kontingentlari yoki boshqa kuchlarda ishtirok etish;
• o`q otish qurollarining mavjudligi va og`ir qurollarning miqdori;
• qurolli kuchlarni modernizasiya qilish.
2022 yil holatiga ko`ra, reytingga kiritilgan 163 davlat orasida Afg`oniston oxirgi o`rinda. Rossiya 160-o`rinni egallagan (Rossiya qurolli kuchlari olti oydan beri maxsus harbiy operasiya o`tkazayotgan Ukraina esa 153-o`rinda). Bu uchala davlat ham eng xavfli davlatlar guruhiga kirgan.
Turkmaniston 104, Qozog`iston 97, Tojikiston 92, Qirg`iziston 91, O`zbekiston Markaziy Osiyodagi eng xavfsiz davlat sifatida 86-o`rinni egalladi.
Shuni ta`kidlash kerakki, Markaziy Osiyoning barcha respublikalari Isroil, AQSh va Turkiya kabi davlatlarga qaraganda xavfsizroq bo`lib chiqdi.
Reytingning dastlabki uch pog`onasini Islandiya, Yangi Zelandiya va Irlandiya egallagan.






