80 ming gektar maydon paxta va g`alladan qisqartirilib, aholiga bo`lib berilishi, 10 kun muddatda import mahsulotlarni mahalliy ishlab chiqarishni ko`paytirish bo`yicha aniq loyiha ishlab chiqish, shuningdek, maktab darsliklarini bepul ijaraga berish yuzasidan berilgan topshiriq... Bularning barchasi bugun prezident Shavkat Mirziyoev raisligida o`tgan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta`minlash va zaxirasini yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yig`ilishida tilga olindi.
Davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov bergan xabarlardan tadbir mulohazaga boy, tanqidiy ruhda o`tganini anglash mumkin. Xususan, O`zbekiston etakchisi oziq-ovqat mahsulotlari import qilinayotgan hudud hokimlarini qattiq tanqid qilib: "Nima, bu viloyat hokimlari hududiga qancha oziq-ovqat etishmasligi, qancha import kirayotganini bilmaydi-mi?”, – degan savolni ko`ndalang qo`ygan edi.
Shundan biroz o`tib, Mirziyoev Shuhrat G`aniev va Aktam Xaitov hali eskicha ishlayotgani, balandparvoz raqamlarga berilib ketganiga e`tiroz bildirdi.
"Agrar sohada belgilab olgan katta islohotlarimizni jadal amalga oshirish birinchi navbatda ushbu soha rahbarlari G`aniev, Xaitov, yangi vazir Voitov va o`rinbosarlari fidoyiligiga bog`liq.
Bandlikni ko`paytirish, kambag`allikni qisqartirish ham birinchi galda qishloq xo`jaligidagi o`sishga bog`liqligini ular tushunishi kerak", dedi Prezident.
Lekin, Bosh vazir o`rinbosari Sh.G`aniev, Fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi raisi A.Xaitov hali eskicha ishlayotgani, balandparvoz raqamlarga berilib ketgani aytilgan.
Soha rahbarlarining vazifasi Prezidentga katta-katta raqamlar bilan hisobot berish emas, qishloqdagi dehqon, fermer masalasini hal qilish, og`irini engil qilish ekani ko`rsatib o`tilgan. Biroq, muhim ishlar chetda qolib, qo`shib yozishlar, noma`qul ishlar ko`payib borayotgani qat`iy tanqid qilingan.
Yo`l qo`ygan kamchiliklari uchun qishloq xo`jaligi vazirining birinchi o`rinbosari Sh.Teshaev lavozimidan ozod etilgani, vazir o`rinbosari Sh.Mirzaevga hayfsan berilgani aytib o`tildi.
"Bundan buyon G`anievdan ham, Xaitovdan ham, yangi vazir Voitovdan ham juda qattiq so`rov bo`ladi", – deydi Prezident so`zining yakunida.
Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti eshitilgan.
Dilbar Abdunabieva.






