AsosiyJamiyat

Gulnora Karimova boshchiligidagi jinoiy guruhning Shveysariyadan tashqari yana qaysi davlatlarda jinoiy aktivlari borligi ma`lum qilindi

'Gulnora Karimova boshchiligidagi jinoiy guruhning Shveysariyadan tashqari yana qaysi davlatlarda jinoiy aktivlari borligi ma`lum qilindi'ning rasmi

Adliya vazirligida bo`lib o`tgan G.Karimovaga ilgari tegishli bo`lgan aktivlarni qaytarishga qaratilgan Restitusiyaga oid bitim bo`yicha matbuot anjumanida qayd etilishicha, Shveysariyada joylashgan aktivlardan tashqari, Gulnora Karimova va u boshchiligidagi uyushgan guruhning boshqa xorijiy davlatlardan ham jinoiy aktivlarini qaytarish bo`yicha ishlar olib borilmoqda. Bu haqda "darakchi.uz" muxbiri xabar bermoqda

Jumladan:

Fransiya Respublikasidan 2020 va 2021 yillarda taqriban jinoiy uyushgan guruh a`zolariga tegishli ko`chmas mulklarni (Parij shahri yaqinidagi 2 ta qasrlar) sotilishi natijasida 20 million AQSh dollariga teng pul mablag`lari O`zbekistonga qaytarildi.

Belgiya Qirolligida ham jinoiy uyushgan guruhga tegishli bo`lgan aktivlar joylashgan. Ularni qaytarish maqsadida, O`zbekiston Respublikasi mutasaddi tashkilotlari hamda Belgiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari o`rtasida hamkorlik yo`lga qo`yilgan.

Ma`lumot uchun, Belgiyada tergov jarayoni tugamaganligi sababli (tergov siri), ushbu aktivlar haqida ko`p ma`lumot oshkor qilish imkoniyati mavjud emas.

Buyuk Britaniyada Gulnora Karimova va uning sheriklariga tegishli bo`lgan 10 million funt sterling miqdoridagi mablag`lar va 3 ta ko`chmas mulkning taqdiri Londonning Oliy sudida ko`rib chiqish jarayonida.

Latviya Respublikasida ham bir talay aktivlar mavjud. Latviya sud organlari tomonidan 2018 yili O`zbekiston Respublikasida chiqarilgan hukmlar (Latviyada joylashgan aktivlarni O`zbekiston daromadiga musodara qilish haqida) tan olingan.  

Aktivlar 15 million AQSh dollariga teng mablag`lar, 850 unsiyaga (26 kg.) teng oltin sertifikatlari hamda Riga shahrida joylashgan madaniy-ko`ngilochar majmuadan tashkil topgan. Biroq, afsuski, bu boradagi barcha ishlar ham osonlikcha amalga oshayotganligi yo`q. Masalan, Latviyadagi yuqoridagi aktivlarni qaytarishda murakkabliklar yuzaga kelmoqda. Shunga qaramay, ushbu davlatdagi aktivlarni qaytarish bo`yicha ishlar qat`iy izchillik bilan davom ettirilmoqda.

 Rossiya Federasiyasi. 2021 yil noyabr oyida Moskva shahrida joylashgan aktivlarni (6 ta xonadon) O`zbekiston daromadiga o`tkazilishi haqida Moskva shahar sudining qarori chiqarilgan.

Hozirgi paytda, ushbu ko`chmas mulk ob`ektlarini Rossiya sud ijrochilari tomonidan sotish jarayoni davom etmoqda. Sotish natijasida kelib tushgan pul mablag`lari O`zbekiston va Rossiya foydasiga teng ulushlarda bo`linishi Moskva shahar sudining qarorida o`z aksini topgan.

Boshqa yangiliklar