Bugun Eron Islom Respublikasining ShHTga a`zo davlat maqomini olish uchun majburiyatlari to`g`risidagi memorandum imzolangani haqida "darakchi.uz" muxbiri xabar qilgan edi.
Memorandumda ko`zda tutilgan barcha majburiyatlar bajarilgach, Eron Islom Respublikasi ShHTning to`laqonli a`zosiga aylanadi.
ShHTning O`zbekiston bo`yicha Milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov ushbu siyosiy voqea haqida o`z fikrlarini quyidagicha bildirdi:
"ShHT Xartiyasi va uning boshqa me`yoriy hujjatlariga ko`ra, tashkilotga a`zo bo`lishga nomzod davlat ShHTning maqsad va vazifalarini baham ko`rishi, boshqa a`zo davlatlarga qarshi dushmanona harakatlarni amalga oshirmasligi kerak. Bundan tashqari, mamlakat hududi Evrosiyo mintaqasida bo`lishi va unga nisbatan BMT Xavfsizlik Kengashining sanksiyalari qo`llanilmagan bo`lishi kerak.
Eron bu mezonlarning barchasiga javob beradi va shu munosabat bilan 2021 yilda bo`lib o`tadigan ShHTning Dushanbe sammitida ushbu davlatni Tashkilotga qabul qilish tartibini boshlashga qaror qilindi.
Samarqand sammiti arafasida Eron tomonidan Majburiyatlar to`g`risidagi memorandum imzolandi, bu Tehronning ShHT Nizomi va boshqa bir qator fundamental hujjatlariga qo`shilishi zarurligini bildiradi. Umuman olganda, Eron Tashkilotning 40 dan ortiq hujjatlarini ratifikasiya qilishi kerak. Faqatgina ushbu tartibdan so`ng mamlakatga to`liq a`zo maqomi beriladi.
Misol uchun, Hindiston va Pokiston memorandum imzolaganidan bir yil o`tgach va shunga o`xshash barcha talablarga javob berganidan keyin a`zolikka qabul qilindi. Ushbu amaliyotga asoslanib, agar Eron navbatdagi sammitgacha o`z majburiyatlarini bajarsa, u holda 2023 yilda, ya`ni, Hindiston raisligi davrida ShHTga qabul qilinishi mumkin. Bu erda ko`p narsa Eron tomonining ushbu tartibni amalga oshirish sur`atiga bog`liq”, — dedi ShHTning O`zbekiston bo`yicha Milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov.






