1

Tovonda suyak o`simtasi qanday paydo bo`ladi?

Salomatlik 27.09.2022, 23:59
Tovonda suyak o`simtasi qanday paydo bo`ladi?

Ko`pincha kechqurun uyquga yotasiz-u, tunda tovoningizda simillagan og`riq seziladi. Ertalab uyg`ongach, vaziyat yanada jiddiylashgani ayon bo`ladi. Kuchli og`riqdan hatto oyoq bosishga qiynalasiz. Tovoningiz ichida nimadir qadalib, oromingiz yo`qoladi. Kunduzi dard belgilari susayib, oqshom mahali yana bezovtalik kuchayadi.  

Xabarlarga ko`ra, har yili dunyo bo`yicha shunday muammoga duch kelgan 1 million nafardan ziyod kishiga tovon shporasi, ya`ni plantar fassiit tashxisi qo`yiladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov ushbu xastalik sabablari, diagnostika va davolash usullari haqida ma`lumot berdi.  

"Plantar fasit — tovon yumshoq to`qimasining yallig`lanishi oqibatida hosil bo`ladigan suyak o`simtasidir", — deydi mutaxassis. 

Qayd etilishicha, kasallik sabablari turlicha. Masalan, sakrash, kuchli zarba, kun bo`yi tik oyoqda yurish, yugurish va semizlik oqibatida tovon zo`riqib, ichki jarohatlar yuzaga kelishi mumkin.  

Yassioyoqlik ham xastalikning keng tarqalgan omili. Bunday vaziyatda gavda vazni oyoqlarga noto`g`ri taqsimlanishi tufayli tovonlar ortiqcha zo`riqishdan yallig`lanadi. Natijada ana shu jarohatlar o`rnida suyak o`simtalari shakllanib, harakatlanganda yumshoq to`qimalarga qadaladi va bemor og`riqdan aziyat chekadi.

Shuningdek, revmatoid va artrit kabi bo`g`im xastaliklaridan so`ng tovon shporasi shakllanishi tibbiy amaliyotda kuzatilgan. Qattiq, baland yoki aksincha yupqa poshnali poyabzallar ham xastalik rivojlanishiga sabab bo`lishi ehtimoli yuqori. Bundan tashqari, podagra kasalligi oqibatida organizmdagi tuzlarning tovonga  haddan ziyod ko`p cho`kishi ba`zi hollarda bo`g`imlar va suyaklarga salbiy ta`sir o`tkazadi.  

"Xastalik jarayonida og`riqlar asta-sekin va tashqi jarohatlarsiz boshlanadi. Yurganda alomatlar yo`qolib, hordiq olganda yana paydo bo`ladi. Undan ko`proq qirq yoshdan oshgan bemorlar aziyat chekishi aniqlangan.  

Tovon shporasi tashxisi palpasiya usulida hamda rentgenografiya yordamida qo`yilishi mumkin. Tegishli muolajalar buyurishda kasallik bosqichi va bemor holati hisobga olinadi.

Ular orasida yallig`lanish va og`riqlarga qarshi dori-darmon muolajasi, shishlarni bartaraf etish hamda xastalik o`chog`idagi qon tomirlari faoliyatini yaxshilashga qaratilgan magnit-rezonans terapiya keng ommalashgan",— deydi shifokor.

Murod Irismetovning ma`lum qilishicha, lazer, fonoforez, rentgen, zarbli-to`lqinli muolaja usullari ham kasallikni davolashda katta samara beradi.  

"Agar yuqoridagi davolash choralari kutilgan natijani bermasa, xastalik jarrohlik yo`li bilan bartaraf etiladi. Hozir buning uchun markazimizda kaminvaziv usuldagi yuqori texnologik operasiyalar yo`lga qo`yilgan. Bu, bemorlarning tez va oson oyoqqa turishiga xizmat qilyapti", — deydi u.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1