23 avgust kuni O`zbekiston Prezidenti Olimpiada g`oliblarini pul mukofotlari bilan taqdirlash to`g`risida farmoyish imzoladi.
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yoshlar o`rtasida olimpiada harakatini targ`ib etishdagi faol ishtiroki, Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo`lib o`tgan XXXI yozgi Olimpiada o`yinlaridagi yuksak sport mahorati va mardligi, xalqaro sport maydonlarida O`zbekistonning nufuzi va obro`-e`tiborini oshirishga qo`shgan katta hissasi uchun hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 12 iyuldagi PQ-2558-sonli qaroriga muvofiq:
1. Quyidagi sportchilar biryo`la to`lanadigan pul mukofoti bilan taqdirlansinlar:
oltin medal olgani uchun
har biri 200 000 AQSh dollari bilan:
Nurudinov Ruslan Shamilevich – og`ir atletika bo`yicha terma jamoa a`zosi;
Do`smatov Xasanboy Marfjon o`g`li – boks bo`yicha terma jamoa a`zosi;
Zoirov Shaxobidin Shokirovich – boks bo`yicha terma jamoa a`zosi;
Gaibnazarov Fazliddin Xasanbaevich – boks bo`yicha terma jamoa a`zosi;
kumush medal olgani uchun
har biri 100 000 AQSh dollari bilan:
Giyasov Shaxram Djamshedovich – boks bo`yicha terma jamoa a`zosi;
Meliqo`ziev Bektemir Ro`zmatjon o`g`li – boks bo`yicha terma jamoa a`zosi;
bronza medali olgani uchun
har biri 75 000 AQSh dollari bilan:
Axmadaliev Murodjon Qahor o`g`li – boks bo`yicha terma jamoa a`zosi;
Tulaganov Rustam To`lqin o`g`li – boks bo`yicha terma jamoa a`zosi;
Sobirov Rishod Rashidovich – dzyudo bo`yicha terma jamoa a`zosi;
Urozboev Diyorbek Baxtiyor o`g`li – dzyudo bo`yicha terma jamoa a`zosi;
Tasmuradov Elmurat Zulipxar-uli – yunon-rum kurashi bo`yicha terma jamoa a`zosi;
Navruzov Ixtiyor Karimovich – erkin kurash bo`yicha terma jamoa a`zosi;
Ibragimov Magomed Idrisovich – erkin kurash bo`yicha terma jamoa a`zosi.
2. Belgilab qo`yilsinki, pul mukofotlarini to`lash O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan xorijiy valyutada – AQSh dollarida, bankda jismoniy shaxslar uchun belgilangan tartibda ochiladigan depozit hisobraqamlaridan, soliq undirilmasdan amalga oshiriladi.
3. O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu maqsadlar uchun zarur pul mablag`lari o`z vaqtida ajratilishini ta`minlasin, O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki esa O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki bilan birgalikda ajratilgan mablag`larni O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining buyurtmanomalari bo`yicha belgilangan tartibda konvertasiya qilsin.
Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoev zimmasiga yuklatildi.





