Interpolning O`zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xodimlari tomonidan og`ir jinoyatlar sodir etgan, xalqaro qidiruvdagi ikki nafar jinoyatchi ekstradisiya qilindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bunda O`zbekiston, Ukraina, Polsha va Turkiya Milliy markaziy byurolari xodimlarining hamkorlikdagi tezkor harakatlari hamda O`zbekistonning Polsha Respublikasidagi elchixonasi vakillari bevosita yordam berdi.
Qidiruvdagilardan biri giyohvand moddalar savdosi bilan bog`liq jinoyatni sodir etganlikda ayblangan bo`lib, uzoq vaqt davomida chet elda yashirinib kelgan va tezkor tadbirlar natijasida Ukrainada hibsga olingan.
O`zbekistonda internet platformasida jinoyatchi tomonidan yaratilgan moliyaviy piramidaga 2 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritgan, ikki mingdan ortiq fuqaroni aldagan ikkinchi yirik kripto firibgar ham xorijiy davlat hududida aniqlandi va hibsga olindi.
O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan ekstradisiya qilish to`g`risidagi iltimosnoma tasdiqlangandan so`ng, Interpol MMB xodimlari hamrohligida jinoyatchilar munosib jazo olish uchun O`zbekistonga olib kelindi.