AsosiyJinoyat

Qo`qonda hujjatlarda 2,2 mlrd. so`mlik tovarlarni olib ketayotgani ko`rsatilgan yuk mashinasi bo`sh bo`lib chiqdi

'Qo`qonda hujjatlarda 2,2 mlrd. so`mlik tovarlarni olib ketayotgani ko`rsatilgan yuk mashinasi bo`sh bo`lib chiqdi'ning rasmi

Farg`ona viloyati bojxona boshqarmasi “Andarxon” chegara-bojxona postida o`tkazilgan tekshiruvda hujjatlarda 2,2 mlrd. so`mlik tovarlarni olib ketayotgani ko`rsatilgan yuk mashinasi bo`sh bo`lib chiqdi.  

Ta`kidlanishicha, 2021 yil sentyabr oyida Qo`qon shahridagi 3 ta MChJ nomiga xorijdan 23 tonna 540 kg. og`irlikdagi 3 turdagi to`qimachilik mahsulotlari olib kelingan.  

Mazkur tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish uchun bojxona yuk deklarasiyalari “Qo`qon” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga taqdim qilingan bo`lib, tovarlar “Bojxona ombori” bojxona rejimiga  rasmiylashtiriladi hamda vaqtincha saqlash uchun “Qo`qonsavdo” MChJga qarashli bojxona omboriga topshiriladi.  

2022 yil 13 oktyabr kuni yuk egalari yuqoridagi tovarlarni “Reeksport” bojxona rejimiga rasmiylashtirib, Tojikiston Respublikasiga olib chiqib ketish uchun bojxona yuk deklarasiyalarini taqdim etishadi va shu kunning o`zida Farg`ona viloyati bojxona boshqarmasining “Masofaviy elektron deklarasiyalash” bojxona postida  rasmiylashtiruv yakuniga etkaziladi.  

Hujjatlarga binoan ushbu tovarlar ortilgan yuk avtotransport vositasi 2022 yil 15 oktyabr kuni Farg`ona viloyati bojxona boshqarmasining “Andarxon” chegara bojxona posti orqali qo`shni davlatga chiqib ketayotganida Davlat bojxona qo`mitasi Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasining viloyatdagi tezkor xodimlari tomonidan to`xtatib qolindi.

Boisi, ushbu tovarlar bilan bog`liq vaziyat Davlat bojxona qo`mitasi rahbariyati tomonidan oldindan tezkor kuzatuvga olingan edi va aynan qo`mita rahbariyatining topshirig`iga muvofiq tezkor tadbir o`tkazilgan.  

Tezkor tadbir davomida yuk avtotransport vositasi haydovchi va xolislar ishtirokida qayta bojxona nazoratidan o`tkazilganda, yukxonada hujjatlarda ko`rsatilgan tovarlar umuman yo`qligi fosh bo`ldi.

Hozirda “reeksport” bojxona rejimiga rasmiylashtirilib, amalda chegara bojxona posti orqali olib chiqib ketilmagan umumiy qiymati 2  mlrd. 188  mln. so`mlik tovar moddiy boyliklar vaqtincha saqlovga olinib, belgilangan tartibda prosessual hujjatlar rasmiylashtirildi.  

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Hozirda bojxona xodimlarining mazkur holatga aloqadorligini aniqlash va ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida xizmat tekshiruvi o`tkazilmoqda.

    Boshqa yangiliklar