Bugungi kunda odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV) insoniyat salomatligiga xavf soluvchi fojea deb hisoblash mumkin. Olimlar bu darddan nobud bo`lganlar soni va kasallikning iqtisodiy talafotlarini o`rganib, uni jahon urushlaridagi og`ir yo`qotishlar bilan qiyoslaydi.
Ma`lumotlarga ko`ra, ushbu infeksiya oqibatida kelib chiqadigan OITS epidemiyasi boshlangandan buyon dunyo bo`yicha 75 mln. kishi undan zararlandi va 32 mln. nafardan ortiq inson vafot etdi. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tahlillariga tayansak, Er yuzida yiliga o`rtacha 2,5 million odam OIVni yuqtirib, ulardan o`rtacha 1 million nafarga yaqini hayotdan ko`z yumadi.
Xo`sh, bugun bu davosiz kasallikka qarshi kurashda yurtimizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori o`rinbosari Gulifor Normuratova shu haqda ma`lumot berdi.
— OIV infeksiyasining oqibatlari bemorning oilasiga, jamiyatga katta ruhiy, iqtisodiy ziyon etkazadi, — deydi mutaxassis. — Kechiktirib bo`lmaydigan tegishli choralar ko`rilmasa, odam immun tanqislik virusi keltirib chiqaradigan xastalik jadal rivojlanib, sayyoramizda iqtisodiy, ijtimoiy va hatto siyosiy inqirozni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu bois JSST tomonidan bemorlarni virusga qarshi davolash kasallikning bosqichidan qat`iy nazar, u aniqlangan kundan boshlanishi zarur, deb tavsiya beriladi.
Yurtimizda OIV infeksiyali bemorlarning 79 foizi antiretrovirus muolajalar bilan qamrab olingan bo`lib, ular uchun zarur preparatlar xarajatlarining qariyb 80 foizi davlat byudjeti mablag`lari hisobidan qoplanmoqda. Qolgan 20 foizi esa xalqaro fondlar hisobidan to`ldiriladi.
Bunday bemorlarning muolajalarida uzilishlar bo`lishi OIVning antiretrovirus preparatlariga chidamli shtammlari paydo bo`lish xavfini keltirib chiqaradi. Shuning uchun ham davolanish boshlangach, bemor zarur dori vositalarini qabul qilishni to`xtatib qo`ymasligi lozim. Buning uchun esa unga tegishli preparatlar ta`minotida uzilishlar bo`lmasligi kerak.
OIV infeksiyasiga qarshi qo`llanadigan noyob dori vositalari mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydi. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida ularni yurtimizga olib kelishda qator muammolar yuzaga keldi.
Xalqaro aviaqatnovlar to`xtatib qo`yilgan shunday murakkab davrda ham davlatimiz tomonidan bu preparatlar charter reyslar orqali olib kelingani alohida e`tiborga sazovor. Bundan tashqari, yurtimizda OIV infeksiyali onalardan tug`ilgan chaqaloqlarni 6 oylik bo`lgunga qadar sun`iy sut aralashmalari bilan ta`minlash masalasi 2023 yilgacha hal etilgan.
Umuman, mazkur yo`nalishdagi chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish va sohani takomillashtirish maqsadida alohida Davlat dasturi loyihasi tayyorlangan. Unga muvofiq, kelgusi yildan boshlab sun`iy sut aralashmalarini xarid qilish, bemorlarni antiretrovirus dori vositalari bilan kasallik aniqlangan zahoti qamrab olish hamda ijtimoiy qo`llab-quvvatlash ham ko`zda tutilgan.
Ushbu hujjat kelgusida OIVga qarshi kurash jarayonida davlat darajasida ko`riladigan chora-tadbirlar poydevori bo`lishi, shubhasiz.
22.10.2022 15:16