Joriy yilning 21 oktyabr kuni bo`lib o`tgan Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisida, shaharsozlikda nogironligi bo`lgan shaxslarning ehtiyojlarini ta`minlash uchun moslashtirish masalalari muhokama qilindi.
Senator Odiljon Iminovning ta`kidlashicha, bu borada qonunchilikda barchasi risoladagidek, biroq amalda ularning ijrosi katta so`roq ostida.
O`rganish natijalariga ko`ra:
Toshkent shahri ijtimoiy infratuzilmasi ob`ektlari va binolarining 85 foizi hanuzgacha nogironligi bo`lgan shaxslar tomonidan to`siqsiz foydalanish uchun moslashtirilmagan.
Er osti transportidan qulay foydalanish uchun to`liq sharoitlar yaratilmagan.
Metro stansiyalarining ko`plari panduslar bilan jihozlanmagan, bu esa shaharsozlik me`yorlari talablariga javob bermaydi.
Metroning eski yo`llaridagi stansiyalar ko`zi ojiz shaxslar uchun taktil qoplamalarga ega emas.
Yangi vagonlarni inobatga olmaganda metropoliten poezdlarida qulog`i og`ir insonlar uchun axborot ma`lumotlar ko`rsatuvchi elektron tablolar mavjud emas.
“Chilonzor” metro stansiyasidagi hojatxonani loyihalashtirishda nogironligi bo`lgan shaxslarning erkin foydalanish imkoniyatlari inobatga olinmagan.
Shahar er usti transportidan mustaqil foydalanish imkoniyati to`liq yaratilmagan.
O`zbekiston nogironlar uyushmasi tomonidan o`tkazilgan so`rovnomaga asosan, nogironligi bo`lgan shaxslarning 93 foizi er usti jamoat transportini to`siqsizlik nuqtai nazaridan qoniqarsiz deb baholashgan.
“Ayrim er osti o`tish yo`llari nostandart panduslar bilan jihozlangan bo`lib, nogironlik aravachalari g`ildiraklari mazkur panduslarga sig`maydi, bu esa harakatlanish imkonini bermaydi.
Jamoat joylarida nogironligi bo`lgan shaxslar uchun zarur eshitish va ko`rish ma`lumotlari, shu jumladan relef nuqtali Brayl shriftida tayyorlangan ko`rsatkich va belgilar mavjud emas.Piyodalar yo`lakchalarida texnik moslamalar, ya`ni ko`zi ojiz shaxslar uchun ovozli ishora bilan jihozlangan svetofor mavjud emasligi sezilarli to`siqlardan biridir.
Bu holatlar nogironligi bo`lgan shaxslarning yordamga muhtoj tarzda harakatlanish uchun yaqinlariga qaram bo`lib qolishini taqazo etmoqda", - dedi senator.