Kripto-do`kon faoliyatini amalga oshirish qoidalari Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi (ro`yxat raqami 3395, 31.10.2022 y.).
Quyida sanab o`tilgan qoidalar kripto-do`kon faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi:
Kripto-do`kon o`z faoliyatini kripto-do`konning elektron platformasi yoki savdo ob`ekti orqali amalga oshiradi.
Kripto-do`konda quyidagi operasiyalar amalga oshiriladi:
✓ kripto-do`konning elektron platformasi orqali:
- jismoniy shaxslar tomonidan bank o`tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni milliy valyutada sotib olish yoki sotish;
- chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan bank o`tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni xorijiy valyutada sotib olish yoki sotish;
✓ kripto-do`konning savdo ob`ekti orqali:
- jismoniy shaxslar tomonidan bank o`tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni milliy valyutada sotib olish;
- mijozlar tomonidan kripto-aktivlarni naqd pul ko`rinishida milliy yoki xorijiy valyutada sotib olish;
- mijozlar tomonidan kripto-aktivlarni faqat milliy valyutada sotish.
Kripto-do`konda quyidagi operasiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi:
- majburiy identifikasiyadan o`tkazilmagan mijozlar bilan amalga oshiriladigan operasiyalar;
- O`zbekiston rezidentlari tomonidan chiqarilgan kripto-aktivlar bilan operasiyalar;
- anonim kripto-aktivlar hamda o`zaro o`zgarmas tokenlarni sotib olish yoki sotish operasiyalari.