Avvalroq, Toshkentning Yakkasaroy tumanida ayol eri tomonidan muntazam ravishda kaltaklab kelinayotgani sabab erga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilgandi hamda u qamoqqa olingandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu zo`ravon erkak qo`yib yuborilgani haqida xabarlar tarqaldi va muhokamalarga sabab bo`ldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBBning oydinlik kiritishicha, Dilmurod D.ga nisbatan muqaddam qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llangan.
Jinoyat ishini tergov qilish jarayonida zo`ravonning advokati tomonidan erkakning qaramog`ida uch nafar voyaga etmagan farzandi, qari ota-onasi borligi va oilada yagona boquvchi ekanligi munosabati bilan iltimosnoma kiritilgan. Unda qamoqqa olish ehtiyot chorasini engilrog`iga o`zgartirish so`ralgan.
Qayd etilishicha, shu vajlar munosabati bilan Dilmurod D.ga nisbatan qo`llanilgan qamoqqa olish ehtiyot chorasi uy qamog`iga o`zgartirilgan.
"Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. Tomonlarning bildirgan barcha vajlari to`liq tekshirilib, natijasi bo`yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta`minlanadi", deyiladi izohda.






