AsosiyJamiyat

Xalqaro munosabatlarda turkiy davlatlar tashkilotining omili qay darajada?

'Xalqaro munosabatlarda turkiy davlatlar tashkilotining omili qay darajada?'ning rasmi

O`zbekiston so`nggi yillarda mintaqadagi davlatlar bilan hamda mamlakat milliy manfaatlarini amalga oshirishda muhim hisoblangan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlardagi ishtirokini mustahkamlab bormoqda.

Jumladan, O`zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a`zo mamlakatlar bilan ham ikki tomonlama, ham ko`p tomonlama faol siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy munosabatlarni amalga oshirmoqda. Xususan, O`zbekiston TDT mamlakatlari bilan umumiy tovaraylanmasi 2020 yilda 6,8 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan bo`lsa (shundan 2,9 milliard AQSh dollari eksportni, 3,9 milliard AQSh dollari importni tashkil qilgan), 2021 yilda ushbu ko`rsatkich 39%ga oshib, 9,4 milliard AQSh dollariga etdi (shundan mamlakatimiz 3,9 milliard AQSh dollari eksport, 5,5 milliard AQSh dollari importni tashkil qildi).

Bundan tashqari, tashkilotga a`zo mamlakatlarning (O`zbekiston, Ozarbayjon, Qozog`iston, Qirg`iziston, Turkiya a`zo davlatlar, Vengriya va Turkmaniston kuzatuvchisi davlatlar) o`zaro turli sohalardagi munosabatlarga kirishi geosiyosiy nuqtai nazardan muhim hisoblanadi.

O`zbekiston TDT doirasidagi asosiy ustuvor vazifalarida  uch yo`nalish shakllanib kuchayib borishi kuzatiladi.

Birinchidan, savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish uchun qulay va jozibador sharoitlarni yaratish, transport sohasidagi o`zaro bog`liqlik va tranzit masalalariga alohida e`tibor qaratish, sanoat kooperasiyasini kuchaytirish, iqlim o`zgarishi va ekologiya muammolarini echish va “yashil” iqtisodiyotga o`tish.

Ikkinchidan, “aqlli shahar”larni barpo etish bo`yicha tajriba almashish va innovasiyalarni transfer qilish maqsadida ekspertlar va IT mutaxassislar uchun doimiy platforma yaratish.

Uchinchidan, madaniyat va turizm sayyohlik loyihalarini amalga oshirish, hunarmandchilik ko`rgazmalari va etnosport musobaqalarini o`tkazish, madaniy meros ob`ektlarini saqlash va restavrasiya qilish, nodir asarlarni birgalikda o`rganish, ularni tarjima qilish hamda boshqa yo`nalishlarni qamrab olgan “yo`l xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish;

To`rtinchidan, yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, kreativ g`oya va loyihalarini rag`batlantirish, milliy qadriyatlarimizga yot bo`lgan ta`sirlardan asrab-avaylash.

2021 yilning noyabr oyida Istambulda bo`lib o`tgan sammit ushbu tashkilotning o`ziga hos shakllanishi va mamlakatlar orasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga asos bo`lib xizmat qildi. Sammit yakunlari bo`yicha “Turkiy dunyo nigohi – 2040”  to`g`risida”, “Turkiy davlatlar tashkilotining turkiy dunyo birligiga qo`shgan hissasi uchun Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti to`g`risida”, “Turkiy davlatlar tashkilotining Turkiy investisiya fondini tashkil etishni yakunlash to`g`risida” va boshqa muhim hujjatlar qabul qilindi.

Ba`zi mutaxassislarning fikricha, TDTga a`zo davlatlarning aksariyat a`zolari TDT infratuzilmasidan savdo-iqtisodiy hamkorlikni oshirish va Turkiya homiyligidagi qo`shma loyihalarda ishtirok etish uchun yaxshiroq shart-sharoitlarni muzokaralar olib borish uchun foydalanishni kutmoqda.

Bu erda ishtirokchi mamlakatlar haqiqatan ham muxim o`ringa ega. Tomonlar Kaspiy dengizi atrofidagi mavjud saloxiyat logistika dasturlariga (ularni Xitoy transport dasturlari bilan bog`lash imkoniyati bilan) qiziqish bildirmoqda. Turkiyaning o`zi ham Markaziy Osiyo va Ozarbayjondagi sarmoyaviy ishtirokini kengaytirishdan manfaatdor. Bishkekda Turkiy davlatlar tashkilotining sarmoya fondini tashkil etish tashabbuslari ham iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashdan dalolat beradi. Ushbu niyatlar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan taqdirda, TDT mamlakatlari umumiy loyihalarni moliyalashtirish uchun kuchli institutga ega bo`ladilar.

Mustakil ekspertlar fikricha, O`zbekiston vakillarining ta`kidlagan ikki jihat Turkiya uchun ham muhim. Birinchisi, “umumiy tarix va umumiy kelajak” ga urg`u berilishidir. Shuningdek, umumiy, ammo hali amalga to`liq oshirilmagan qadriyatlarni ta`kidlash ham muhim.

O`zbekiston tomonini qiziqtirgan yana bir masala turkiy birlik g`oyalarini keyingi avlodlarga etkazish uchun qo`shma ta`lim imkoniyatlarini yaratish bilan bog`liq. Ekspertlarning fikricha, TDTda ishtirok etuvchi mamlakatlar jamiyatlari yaqinlashmasdan turib, qarashlar birligi yoki integrasiyaning o`ziga xos o`zaro manfaati haqida gapirishga hali erta.

Umuman olganda bugun O`zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotida muhim manfaatlari sifatida mintaqada savdo, transport, turizm, qishloq xo`jaligi, yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish kabi muhim sohalarda hamkorlikni rivojlantirish.

Shu nuqtai nazardan, hozirgi bosqichda TDT oldida turgan ustuvor vazifalar sifatida quyidagilar keltirib o`tish mumkin:

Birinchidan, Kavkaz va Markaziy Osiyoda yangi rivojlanayotgan transport hamda energetika yo`laklari tarmog`i bo`ylab ishonchli xavfsizlik va hamkorlik kamarlarini ta`minlashdir. Bu nafaqat a`zo davlatlar o`rtasida savdo aloqalarini kengaytirish uchun birgalikdagi sa`y-harakatlar bilan qulay shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutadi, balki tashkilotning iqtisodiy mustaqilligi va farovonligiga erishish bilan birga, bu yo`ldagi barcha global xurujlar, jumladan, Afg`oniston hududidan (terrorizm, noqonuniy migrasiya, transmilliy jinoyatlar va boshqa) tahdidlarga qarshi turish omili hamdir.

Ikkinchidan, bu Tashkilotga a`zo mamlakatlarning qandaydir tarzda haddan ziyod geosiyosiy ambisiyalar va yaratilayotgan transmilliy loyihalar faoliyatida ishtirok etayotgan boshqa xalqaro kuchlar bosimiga qarshi turishida ko`mak beradi.

Uchinchidan, bu XXI asrning murakkab global sharoitida saqlab qolish va yanada rivojlanish nuqtai nazaridan ahamiyatlidir. Zero, global madaniyatning salbiy asoratlari tarqalishi va qadriyatlar emirilishi jarayoni kechayotgan bir davrda tashkilotga a`zo davlatlar xalqlarining madaniy o`ziga xos jihatlarini saqlab qolish juda muhim.

To`rtinchidan, xalkaro munosabatlarning bugungi boskichida TDT faoliyati yangicha sharoitda shakllanganligini aytish joiz. Bu esa tashkilot nufuzining xam xalkaro alokalar tizimida ortishiga zamin xozirladi. Bunday sharoitda azo-davlatlar o`rtasidagi munosabatlarning o`zaro tenglik, ochiklik tamoyillari asosda olib borilishi xamda ko`p tomonlama xamkorlik rivoji uchun konstruktiv muxitni saklab kolish amalis xarakterga ega. Shundagina TDTning xalkaro mikyosdagi maqomi yanada ortib boraveradi.

Fikr-muloxazalarimiz muxtasarida globallashuv yo`liga qadam qo`ygan davlatlar hamda jahonning etakchi mamlakatlari bilan samarali hamkorlik o`rnatish ilm-fan, ta`lim, shaharsozlik va texnologiya rivojiga foydali ta`sir ko`rsatishi aniqligini aytish mumkin.

Qolaversa, bu iqlim o`zgarishi, atrof-muhit muammolarini hal etish va a`zo davlatlarning “yashil” iqtisodiyotga o`tishida ko`mak hamdir.

Bahrom Xo`janov, 

siyosiy fanlar nomzodi, dosenti

    Boshqa yangiliklar