Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar yuzasidan viloyat prokuraturasi ma`lumot berdi.
Ma`lum bo`lishicha, Uchko`prik tumani, Sulton MFY, Sulton qishlog`ida yashagan, 2007 yilda tug`ilgan, voyaga etmagan R.A. 16.10.2022 yilda Buvayda tumani, Yangiqo`rg`on qishlog`ida joylashgan “Ansor” savdo majmuasida ota-onasining nazoratisiz yurgani va ushbu majmuada o`g`irlik qilmoqchi bo`lganida, IIB xodimlari tomonidan ushlanib, tuman IIB boshlig`ining shu kungi qarori bilan Qo`qon shahrida joylashgan viloyat IIB JXX HPB VEIHYoKMga joylashtirilgan.
17.10.2022 yilda voyaga etmagan R.A. ning sog`lig`i yomonlashib, hushidan ketganligi sababli shahar Tez-tibbiy yordam xodimlari chaqirilib, unga tibbiy yordam ko`rsatilishiga qaramasdan, shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.
"Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko`ra, marhumning o`limiga “bosh miya kalla yopiq shikasti, miya qattiq parda ostiga qon quyilishi, bosh miya moddasining lat eyishi” sabab bo`lganligi ko`rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Qo`qon shahar prokuraturasi tomonidan 18.10.2022 yilda O`zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o`limiga sabab bo`lgan og`ir tan jarohati etkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan", — deyiladi xabarda.
Ma`lum bo`lishicha, tergov harakatlari davomida, jinoyatga bevosita aloqador ikki nafar shaxsga nisbatan ayblov e`lon qilinib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Shuningdek, holat yuzasidan IIB JXX HPB VEIHYoKM xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Hozirda jinoyat ishi bo`yicha Qo`qon shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilayotgani aytiladi.