AsosiyJamiyat

Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Afg`oniston masalasi ham muhokama qilinishi kutiladi

'Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Afg`oniston masalasi ham muhokama qilinishi kutiladi'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, yaqin kunlarda O`zbekistonning ayni qizg`in uchrashuvlar nuqtasiga aylangan Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti bo`lib o`tadi. Bugun sammit oldidan jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkillashtirildi.

Mazkur tadbirda Darakchi.uz' muxbiri ham ishtirok etib, ekspert, mutasaddi va tadbir tashkilotchilari fikri bilan qiziqdi.

Ma`lum qilinishicha, TDT savdo, transport, turizm, qishloq xo`jaligi, yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish kabi muhim yo`nalishlarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli platformasiga aylanishi uchun katta salohiyatga ega.

Ushbu jihatdan quyidagilar bugungi kunda TDT oldida turgan ustuvor vazifalar sifatida ko`riladi:

  • Savdo hajmini ko`paytirish yo`lida birgalikdagi sa`y-harakatlarni faollashtirish, ishbilarmon doiralar va tadbirkorlar o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish uchun shart-sharoitlar va imkoniyatlarni kengaytirish;
  • Transport va logistika sohasida amaliy hamkorlikni mustahkamlash;
  • Yirik infratuzilma loyihalarini shu jumladan Turkiy investisiya fondi, TDT Taraqqiyot banki loyihasini amalga oshirish;
  • Respublikamizning turk dunyosida tutgan tarixiy roliga tayangan holda, TDT va affillangan tuzilmalar (Turksoy, TurkPA, Xalqaro turkiy akademiya hamda Turk madaniyati va merosi jamg`armasi) imkoniyatlari orqali O`zbekistonning muhim madaniy-gumanitar tashabbuslarini ilgari surish.


Qisqa qilib aytganda mintaqa mamlakatlariningiqtisodiyo`sishi uchun “drayver” sifatida qaraladigan mintaqada transport-logistika aloqalarini rivojlantirish TDT doirasidagi munosabatlarda alohida o`rin tutadi.

Shu jumladan, Turkiy davlatlarning tili va dini mushtarakligi, tarixiy va madaniy aloqalari TDTning tashkil etilishi va rivojlanishida mustahkam poydevor bo`lib, bu ularning xalqaro maydondagi mavqeni mustahkamlash va ushbu mamlakatlar xalqlari milliy qadriyatlarini ommalashtirish imkonini beradi.

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo`lim boshlig`ining ma`lum qilishicha, sammit kun tartibidan Afg`oniston masalasi ham joy olgan. 

Sababi yirik transport, energetika, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish hisobiga gullab-yashnaydigan TDT makoni kelajakda qo`shni davlatlar va mintaqalar, shu jumladan Afg`onistonda ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni ta`minlash uchun juda yaxshi yangilik bo`ladi. 

Bu borada Darakchi.uz' muxbiri Dilbar Abdunabieva mutasaddiga yuzlanib, ayni borada muhokama qilinadigan ishlar yoxud imzolanishi ko`zda tutilgan hujjatlar bilan qiziqdi va ba`zi savollarga oydinlik kiritdi.

— Afg`oniston masalasi ko`p yillardan mintaqa, butun dunyo miqyosida ham ko`pdan beri, keng muhokama qilinayotgan masala desak adashmaymiz. Xo`sh, bu borada biror hujjat imzolanishi kutilmoqdami, yoki bu borada kun tartibidagi faqat muhokamalardan iboratmi?

Bahromjon Sotiboldiev,
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo`lim boshlig`i: 

— Bilasizmi, umuman olib qaraganda Afg`oniston masalasini mazkur sammitga aloqasi yo`q deb aytilishi mumkin. Lekin bilasizmi, shimoliy Afg`onistonda ko`p sonli o`zbek millatiga mansub odamlar istiqomat qiladi. Bundan tashqari turkmanlar va boshqa bir qancha millatni insonlar yashaydi. Xohlaymizmi–yo`qmi, kelajakda turkiy davlatlarni dunyo manzarasidagi o`rninini topishi uchun, savdo maydonlarini kengaytirish uchun Afg`onistonning barqarorlik holatini rivojlantirishdan hammamiz manfaatdormiz.  U juda katta bozorga tarixan ko`prik bo`lib kelgan davlat. Afg`oniston turkiy dunyoning ajralmas qismi. Bu nuqtai nazardan aytishimiz kerakki,  bu sammit doirasida ma`lum bir ma`noda shu Afg`oniston atrofidagi masalalar ham kun tartibida ko`rib o`tilsa kerak, degan mulohazalarimiz bor.

    Boshqa yangiliklar