Farg`onada 15 yoshli voyaga etmagan shaxs joriy yil 17 oktyabr kuni Farg`ona viloyati IIB muassasasida vafot etganligi haqidagi xabarlar keng muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Holatga Bosh prokuratura matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda ushbu holat bo`yicha Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov mobaynida 2 nafar voyaga etmagan tarbiyalanuvchi marhum R.Abdusattorovni urib, uning o`limiga sabab bo`lgan tan jarohatlari etkazishgani ma`lum bo`ldi.
Mazkur holat guvohlarning ko`rsatuvlari va boshqa dalillar bilan o`z isbotini topdi. Shu sababli, jinoyat ishi doirasida ushbu 2 nafar voyaga etmagan tarbiyalanuvchi qamoqqa olindi.
Bundan tashqari, ichki ishlar xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Bosh prokuratura tomonidan mazkur jinoyat ishi tergovi va tekshiruv ustidan nazorat o`rnatilgan.