Toshkent avtomobil-yo`llar instituti (TAYI) o`rnida tashkil etilgan Toshkent avtomobil yo`llarini loyihalash, qurish va foydalanishga topshirish institutida ikkita fakultet faoliyat yuritadi. Ushbu o`zgarish davlat rahbarining 26 avgustda tasdiqlanib, Lex.uz saytida e`lon qilingan qarorida o`z aksini topgan, deb yozadi «Gazeta.uz». Avval mazkur institutda to`rtta fakultet mavjud edi.
Avtomobil yo`llari va inshootlarini loyihalashtirish va qurish hamda Avtomobil transporti va transport tizimlarini foydalanishga topshirish fakultetlari beshtadan kafedrani o`z ichiga oladi. Bundan tashqari, OTM tuzilmasida oltita fakultetlararo umumta`lim kafedralari faoliyat ko`rsatadi.
Toshkent avtomobil-yo`llar institutining tugatilayotgan yoki qayta tashkil etilayotgan ta`lim yo`nalishlari va mutaxassisliklarida tahsil olayotgan bakalavr va magistratura talabalari tegishli O`zbekiston OTMlarining mos keluvchi yo`nalishlariga o`tkaziladi. Qayta tashkil etilgan institut saytida e`lon qilingan Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri buyrug`iga binoan, ushbu OTMlar Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent temir yo`l muhandislari institutidir.