Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan 2022 yilning 9 oyi davomida o`tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida jami 704,9 mlrd so`mlik byudjet mablag`lari noqonuniy va maqsadsiz sarflangan haqida xabar berilgan edi.
Quyi palatasining navbatdagi majlisida deputat Botir Mardaev vazirilik va davlat idoralarida byudjet mablag`laridan maqsadsiz foydalanish, byudjet qonunchiligini buzish holatlari to`xtamayotganligini ta`kidladi.
Uning qayd etishicha, joriy yilning o`tgan 9 oyi davomida tarif razryadlarining noto`g`ri qo`llanishi, ish haqi va moddiy yordam to`lovlarining ortiqcha to`lanishi hisobiga 138 milliard so`mga yaqin xato va kamchiliklar aniqlangan.
Xalq ta`limi tizimida 47 milliard so`mga yaqin, sog`liqni saqlashda 30 milliard so`m, maktabgacha ta`limda 7 milliard so`m, madaniyat vazirligi tizimida 5,5 milliard so`mdan ortiq qonunbuzilishlar aniqlangan.
"Bajarilmagan ishlar va xizmatlarni "bajarildi", qilib ko`rsatish, byudjetdan ajratilgan subsidiyalar hisobidan o`rnatilmagan uskunalarni ham "o`rnatildi", deb rasmiylashtirish hisobiga 100 milliard so`mdan ortiq qonun buzilish holatlari aniqlangan. Hisobot davrida jami 139 milliard so`m miqdordagi byudjet mablag`larini maqsadsiz sarflanishiga yo`l qo`yilgan", - deydi xalq vakili.
Deputat moliya vaziri Timur Ishmetovda bu borada vazirlik qanday choralar ko`rayotganini so`radi.
Vazir bu borada ko`proq vazirliklarning mas`uliyatini oshirish bo`yicha o`ylash kerakligini ta`kidladi. Uning aytishicha, kelajakda Moliya vazirligi nazorat funksiyasining bir qismini vazirliklarning ichki auditiga, yana bir qismini tashqi audit – Hisob palatasiga o`tkaziladi.
"Vazirliklar tomonidan noto`g`ri qilinishi, menimcha, buni hadeb Moliya vazirligidan so`rash ham... albatta ko`rib turibmiz, bu raqamlarni Moliya vazirligi topib beryapti. Lekin ko`proq talab o`sha vazirliklarga bo`lishi kerak. Eng ko`p masalalar, byudjetdan mablag` ajratiladigan yo`nalish oyliklar bo`lgani uchun eng katta kamchilik ham, pulni ko`proq olishni ham shu yo`nalishda ko`ramiz. Xususan, 2023 yil byudjetiga ham, tegishli oylikka bo`lgan xarajatlar taqdim etilgan ma`lumotlar tekshirib tasdiqlab bo`linganidan keyin ham, 1 chorak davomida Moliyaviy nazorat boshqarmasi tomonidan bittalab tekshirilib tuzattirish kiritiladi.
Bitta vazirlik hamma vazirlikning ustidan qo`riqchi bo`lib turgani bilan ish bitmaydi. Byudjet mablag`larini samarali sarflash har bir vazirlik zimmasiga yuklatilgan”, – dedi T.Ishmetov.






